Toshkentda ayrim ko‘chalar vaqtincha yopiladi
22-may kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasini jahon chempionatiga kuzatish tadbiri munosabati bilan Toshkent shahrining qator ko‘chalarida avtotransport harakati vaqtincha cheklanadi.
Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tadbirni xavfsiz va yuqori saviyada tashkil etish maqsadida soat 16:00 dan 21:00 ga qadar ayrim yo‘nalishlarda harakat bosqichma-bosqich cheklanadi.
Jumladan, quyidagi hududlarda vaqtinchalik cheklovlar joriy etiladi:
— Chilonzor–Cho‘ponota ko‘chalari chorrahasidan Cho‘ponota ko‘chasi bo‘ylab Qatortol–Cho‘ponota ko‘chalari chorrahasigacha;
— KXAY–Chilonzor ko‘chalari chorrahasidan Chilonzor ko‘chasi bo‘ylab Chilonzor–Cho‘ponota ko‘chalari chorrahasigacha;
— KXAY–Bunyodkor ko‘chalari chorrahasidan Bunyodkor ikkinchi darajali yo‘li bo‘ylab Bunyodkor–Cho‘ponota ko‘chalari chorrahasigacha;
— Nurafshon–Sebzor ko‘chalari chorrahasidan Sebzor ko‘chasi bo‘ylab Islom Karimov–Bunyodkor ko‘chalari chorrahasigacha;
— Islom Karimov–Bunyodkor ko‘chalari chorrahasidan Bunyodkor ko‘chasi bo‘ylab Bunyodkor–Ikkinchi Qatortol ko‘chalari chorrahasigacha bo‘lgan hududlarda transport harakati vaqtincha cheklanadi.
Mutasaddilar haydovchilardan ushbu vaqt oralig‘ida muqobil yo‘nalishlardan foydalanishni so‘ramoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA