Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Yoshlar oyligi doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyat Kengashi tomonidan Toshkent tumanida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridagi yosh harbiy xizmatchilar va xodimlar o‘rtasida “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi tashkil etildi.
Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan tadbirda Toshkent viloyati hududida joylashgan kuch tuzilmalarining 5 ta jamoasi 4 ta shart asosida o‘zaro bellashdi. Jarayonni 300 nafarga yaqin tomoshabin kuzatdi. Toshkent tumani 9-sonli jasorat maktabi o‘quvchilari sahna chiqishlari bilan ishtirok etdi. Ko‘rik-tanlovning asosiy maqsadi yosh harbiy xizmatchilar va xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish, zukkoligi, topqirligi hamda jamoaviy hamjihatligini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Yakunda hakamlar hay’ati xulosalariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar taqdirlanib, ularga O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi kubogi hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
***

“Navoiy” chegara bojxona posti orqali mamlakatimiz hududiga piyoda kirib kelgan fuqaroning qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan hamda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etilmagan 1 dona “KRAL ARMS” rusumli miltiq va 44 dona “SPOTXON” rusumli o‘qlar borligi aniqlandi.
Yana bir holatda esa yo‘lovchining qo‘l yuklari bojxonada ko‘zdan kechirilganda og‘zaki so‘rovda aytilmagan va bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan 1 dona “RETAY G19C” rusumli to‘pponcha hamda 30 dona “Kaiser” rusumli patron borligi ma’lum bo‘ldi. Hozir har ikki holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
***
Zangiota tumanida joylashgan Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universitetida bitiruvchilarga dastlabki ofitserlik harbiy unvonlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-polkovnik B.Toshmatov ishtirok etib, bitiruvchilarni dastlabki ofitserlik harbiy unvoni bilan tabrikladi hamda ularga kelgusidagi xizmat faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi. Shuningdek, marosimda qatnashgan faxriy mehmonlar ham yosh ofitserlarni muborakbod etib, ularning Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Bitiruvchilarning ota-onalari va yaqinlari ularni ofitserlik unvoni bilan qutlashdi.
A.Musayev, O‘zA