Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Chirchiq shahridagi Birlik mahallasi hududida piyodalar uchun yer osti yo‘li qurildi. Mazkur bunyodkorlik ishlari Prezidentimizning topshiriqlariga muvofiq amalga oshirildi.
Ushbu inshootning kirish va chiqish yo‘laklari har biri 23 metr, ichki qismining esa uzunligi 41 metrni tashkil etadi. Yangi piyodalar yer osti yo‘li hududda piyodalar harakati xavfsizligini ta’minlash, aholiga qulaylik yaratish hamda transport qatnovi yuqori bo‘lgan hududlarda xavfsiz harakatlanishni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.

***
Toshkent viloyatida “Xavfsiz turizm” bo‘linmalari tuziladi. Bu haqda viloyat hokimining tegishli qarori chiqarildi. Unga ko‘ra, Angren shahrining “Lashkerak” va “Yangiobod” MFYda “Xavfsiz turizm”ni ta’minlash bo‘linmasini tashkil qilish va “Monitoring markazi”ni server qurilmalariga ulash xarajatlari uchun mahalliy byudjetdan mablag‘lar ajratildi.
***

Yuqori Chirchiq tumanida stol tennisi bo‘yicha U-13 yosh toifasidagilar o‘rtasida Toshkent viloyati chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda hududlardan kelgan jami 110 nafar sportchi o‘g‘il-qiz ishtirok etdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda yosh sportchilar o‘z mahoratlarini namoyish etib, g‘oliblik uchun kurash olib bordi. Yakunda eng kuchlilar aniqlanib, munosib taqdirlandi.
A.Musayev, O‘zA