Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Bekobod tumani tibbiyot birlashmasida ilk bor endoprotezlash (bo‘g‘im almashtirish) jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Mazkur murakkab operatsiya ilgari faqat Respublika travmatologiya va ortopediya institutida amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda Bekobod shifokorlari ham bu yo‘nalishda katta tajriba orttirmoqda.

Respublika miqyosidagi malakali shifokorlar hamda tuman tibbiyot birlashmasi jarrohlaridan iborat jamoa tomonidan 3 soatdan ortiq davom etgan amaliyot yuqori darajada o‘tkazilib, bemor sog‘ligi tiklandi.
***
Parkent tumanida aholining uzumchilik orqali daromad topish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida besh ming tup yangi, danaksiz uzum ko‘chatlari bepul tarqatildi.

Tashabbus Prezidentimizning qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlashga oid tegishli qarori asosida amalga oshirildi. Toshkent viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, hamkor tashkilotlar bilan birga Parkentda eksportbop uzum navlarini ko‘paytirish, mahalliy bog‘bonlarning tajribasini oshirish va aholi farovonligini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib bormoqda.

Jarayonda tajribali dehqonlar ishtirokida aholi uchun uzum ko‘chatlarini ekish va parvarishlash bo‘yicha amaliy master-klasslar ham o‘tkazildi. Mazkur tashabbus tez orada boshqa hududlarda ham davom ettiriladi.
***
Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi Ohangaron tuman bo‘limi tomonidan navbatdagi reyd tadbiri o‘tkazildi.

Unda tumanning “Alisher” MFY tog‘li hududida fuqaro A.Sh. tomonidan setkali to‘r yordamida sava qushlari noqonuniy ovlanayotgani aniqlandi va huquqbuzar to‘xtatildi.

Holat yuzasidan shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va to‘plangan hujjatlar Ohangaron tuman Jinoiy ishlar sudiga yuborildi. Huquqbuzar tomonidan ovlangan 9 ta qush esa tabiat qo‘yib yuborildi.
A.Musayev, O‘zA