Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Toshkent viloyatidagi kasbiy ta’lim muassasalarida fidokorona mehnati bilan yoshlarga bilim va tarbiya berib kelayotgan 36 nafar ustoz va murabbiyga “O‘rta maxsus va professional ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni topshirildi.
Shu munosabat bilan Nurafshon shahridagi “Yoshlar” markazida e’tirofga sazovor bo‘lgan ustozlarni tantanali taqdirlash tadbiri tashkil etildi.
Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i N. Kulbekova so‘zga chiqib, pedagoglarning ta’lim sohasidagi fidokorona xizmatlarini alohida e’tirof etdi. Mazkur ko‘krak nishonlari nafaqat ustozlar faoliyatiga berilgan yuksak baho, balki ularni kelgusida yanada katta marralarni zabt etishga undovchi muhim rag‘bat ekanini ta’kidladi.
Tadbirda kasbiy ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan faol direktorlar hamda fidoyi ustozlar boshqarma tomonidan faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan ham taqdirlandi.

***
Chirchiq shahrida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi. Toshkent viloyati hokimligi, viloyat Sport boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur festivalda turli sport tadbirlari o‘tkazildi.
Dastur doirasida, avvalo, maktab o‘quvchilari, talabalar, sportchilar hamda uyushmagan yoshlar ishtirokida “Salomatlik uchun 5000 qadam” loyihasi amalga oshirildi. Shundan so‘ng “Kimyogarlar” madaniyat saroyi hududida shaxmat-shashka, stol tennisi va kurash bo‘yicha musobaqalar tashkil qilindi. Yuqori saviyada o‘tgan bellashuvlarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan ishtirokchilar Toshkent viloyati Sport boshqarmasi tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


***
Kuz-qish mavsumi oldidan aholi va yirik iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida Toshkent viloyatida tizimli ishlar qilinmoqda. Xususan, Yuqori Chirchiq tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan joylarda aholiga yana qulaylik yaratilmoqda.
Mutaxassislar tomonidan Uchchinor, Fayzobod va Jalotepa mahallalarida 10/0,4 kilovatt kuchlanishdagi elektr tarmoqlarining ayrim qismlarida xizmat muddati o‘tgan yog‘och tayanchlar o‘rniga zamonaviy temir-beton tayanchlar o‘rnatilmoqda. Shu bilan birga, elektr tarmoqlari atrofidagi daraxt shoxlari tartibga keltirilib, iste’molchilarga xizmat ko‘rsatuvchi transformatorlarda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmoqda.


Tizimli ravishda amalga oshirilayotgan mazkur ishlar tuman aholisining elektr ta’minoti sifatini yanada yaxshilashga, kuz-qish mavsumida barqaror va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
A.Musayev, O‘zA.