Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Yallama” chegara bojxona postida yurtimizga kirib kelgan yuk avtotransport vositasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan vaqtda yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan, transport vositasining yukxonasida joylashtirilgan 1 ming 291 dona dori vositalari aniqlandi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu dori vositalarining qiymati 313 million so‘mni tashkil etmoqda. Muhimi, ularning birortasida tegishli hujjatlar mavjud emas. Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

***
Yoshlar kuni munosabati bilan Toshkent viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Inagamov tizimda samarali faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar bilan uchrashdi. Unda yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar, ularning tashabbuslari va rivojlanish yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Soliq boshqarmasi rahbari yoshlarning bilim va salohiyatiga yuqori baho berib, ularning bugungi va kelajakdagi o‘rni muhim ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, yosh mutaxassislarga ilg‘or tajribalarni o‘rganish, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish va faol islohotlarda ishtirok etish yuzasidan tavsiyalar berildi.
***
Toshkent viloyati shahar va tumanlari hududida 45 ta yangi mikro gidroelektr stansiya qurish uchun 3,23 gektar yer maydoni ajratildi. Bu haqda viloyat hokimining tegishli qarori qabul qilindi. Mazkur mikro GESlar qurilishi uchun belgilangan joylar asosan tabiiy suv oqimlari, kanallar va irrigatsiya tizimlari bo‘ylab joylashgan. Bu esa katta mablag‘larsiz ham energiya ishlab chiqarish imkoniyatini yaratadi.
Mikro gidroelektr stansiyalar, katta masshtabda quriladigan GESlardan farqli ravishda, ayniqsa, qishloq joylarda elektr ta’minoti barqarorligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi. Umuman olganda, jami 248 ta hududda ana shunday inshootlar qurilishi uchun yer maydonlari ajratilgan.

A.Musayev, O‘zA.