Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘rta Chirchiq tumanidagi “O‘zbegim otlari” ippodromida “Sharq durdonasi” – axaltekin zotli otlar o‘rtasidagi an’anaviy ochiq chempionat o‘tkazildi.
Unda zotdor otlarning ko‘rgazmali chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi. Tadbir doirasida axaltekin zotli otlarning auksion savdosi ham tashkil etildi. Yakunda g‘olib va sovrindorlar qimmatbaho sovg‘alar, medal va diplomlar bilan taqdirlandi.
Tadbirda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ishtirok etdi.

***
Toshkent viloyatida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbiri doirasida ko‘cha va jamoat joylari, shuningdek, boshqa hududlarda o‘tkir tig‘li ashyolarni noqonuniy ravishda olib yurgan 147 nafar shaxs aniqlandi. Ulardan umumiy hisobda 149 dona o‘tkir tig‘li ashyo (sovuq qurol) aniqlanib, belgilangan tartibda rasmiylashtirilib olindi. Ushbu tadbir natijasida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan ko‘plab huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldi olindi.
Tezkor profilaktik tadbirlar Toshkent viloyati bo‘ylab davom etmoqda.

***
Yuqori Chirchiq tumanidagi Toshkent magistral kanali bosh inshootida “Yordamchi xo‘jalik tashkil etishda samarali usullar” mavzusida ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.
Unda suv xo‘jaligi soha vakillari hamda “Chirchiq-Ohangaron” ITHB boshlig‘i o‘rinbosari A.Zokirov ishtirok etdi. Yordamchi xo‘jalikni tashkil etish, suv xo‘jaligi xodimlarini doimo ijtimoiy himoyalash, moddiy rag‘batlantirib borish ta’kidlandi.
Hozir Toshkent magistral kanali bosh inshootlari yordamchi xo‘jaligida 20 ta kurka, 15 ta g‘oz, 1000 ta o‘rdak, 20 ta qutida asalari parvarishlanmoqda. Shuningdek, 15 sotix maydonda limonariy tashkil etilgan. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 400 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ham ekilgan. Tadbir yakunida Suv xo‘jaligi tashkilotlariga mazkur yo‘nalishdagi imkoniyatlardan samarali foydalanish kerakligi aytildi.

A.Musayev, O‘zA.