Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyati soliq boshqarmasi rahbariyati Piskent tumanida faoliyat yuritayotgan kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda sohadagi muammolar, soliq sohasidagi yangiliklar va islohotlar muhokama qilindi.
Jumladan, Prezidentimizning joriy yil 19 martdagi “Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tadbirkorlik sub’ektlariga berilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. Uchrashuv savol-javob va fikr almashish tarzda bo‘lib o‘tdi. Viloyat soliq boshqarmasi rahbariyati hamda uchrashuvda ishtirok etgan mutasaddi tashkilotlar mas’ullari har bir murojaatlarni tinglab, yechimlar va tavsiyalar berdi.

***
Bo‘stonliq tumanida Ugom-Chotqol Davlat milliy tabiat bog‘i hududlarini qo‘riqlash inspektorlari tomonidan navbatdagi nazorat tadbiri o‘tkazildi. Unda Toshkent shahar Uchtepa tumanida yashovchi 1995 yili tug‘ilgan fuqaro R.F. bulbul sayroqi qushlarni noqonuniy ovlamoqchi bo‘lgani aniqlandi.
Mazkur holatda fuqaro O‘zbekiston Respublikasining “Ov qilish va ov xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonuni talablarini buzgani aniqlandi va ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Holatga huquqiy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar sud organlariga yuborildi.

***
“Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari doirasida tashkil etib kelinayotgan sportning mini-futbol va futbol turlari bo‘yicha “Davlat xavfsizligi xizmati kubogi” sport musobaqalarida Yuqori Chirchiq tuman yoshlari ikki yil ketma-ket respublika final bosqichida munosib o‘rin egalladi. Yoshlarning qayd etgan yuksak natijasi evaziga, tuman aholisini sport bilan shug‘ullanishlari uchun sakkizta zamonaviy turdagi sport maydonchalari barpo etildi.


Xususan, “Oqovul” mahalla fuqarolar yig‘inida ham yoshlar uchun ana shunday universal sport maydoni foydalanishga topshirildi. Joriy yilda ham “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarida Yuqori Chirchiq tumanining 34 ming nafar yoshlari ishtirok etish istagini bildirgan. Musobaqaning ochilish marosimida viloyat faollari ishtirok etdi.
A.Musayev, O‘zA