Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Bo‘stonliq tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “ommaviy ko‘chat ekish aksiyasi”ga start berildi.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar va sa’y-harakatlar barcha jabhalarga kirib bormoqda. Xususan, 2023 yil Bo‘stonliq tumanida bunyod etilgan “Sportchilar bog‘i” bugun yana yangi ko‘chatlar bilan to‘ldi.

Sport vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan ta’lim muassasalari, vazirlik Markaziy apparati vakillari va faol sportchilar jarayonda qatnashdi. E’tiborlisi, bugunning o‘zida mamlakatimiz bo‘ylab Sport vazirligi tizim tashkilotlari tomonidan 25 ming tup nihollar o‘tqazdi.
***
Toshkent viloyatining chaqiruv yoshiga yetib, belgilangan saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan yigitlarni “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida muddatli harbiy xizmatga tantanali kuzatish tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, Toshkent viloyati hokimligi, Mudofaa ishlari boshqarmasi mas’ullari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tantanali marosimda hudud mas’ullari chaqiriluvchilarning ota-onalariga farzandlarini Vatanga sadoqatli va mard qilib tarbiyalagani uchun rahmat aytdi. Harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, orkestr jamoasining kuy-qo‘shiqlari yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi. Tadbir so‘ngida Vatan oldidagi burchini bajarishga otlangan o‘g‘lonlarga sovg‘alar, “Askarga eslatma” nomli kitob to‘plamlari tarqatildi.
***
“Yangiyo‘l” TIF bojxona postida “Bojxona auditini o‘tkazish tartibi” hamda “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari” mavzularida TIF ishtirokchilari uchun seminar-trening mashg‘uloti tashkil etildi.

Unda Prezidentimizning 2024 yil 14 noyabrdagi “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni to‘g‘risida batafsil tushunchalar berildi.

2025 yil 1 yanvardan boshlab, bojxona organi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan “Kameral” va “Sayyor” bojxona auditlari “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Biznes-ombudsmanni xabardor etgan holda amalga oshirilishi to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Mazkur seminar tadbirkorlarning huquqiy savodxonligini oshirib, bojxona auditining samarali o‘tkazishni yangi bosqichga olib chiqadi.
A.Musayev, O‘zA