Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Ohangaron shahrida shahar hokimi Muzaffar Rajabboyev va shahar Xalq qabulxonasi mudiri Farrux Isakov ishtirokida navbatdagi ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi. Unda jismoniy va yuridik shaxslarning 15 dan ortiq masalada 30 ga yaqin fuqarolar murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Ulardan bir qanchasi joyida hal etildi va huquqiy tushuntirishlar berildi. Qolganlari tegishli mas’ul rahbarlarga ijro uchun yuborildi va nazoratga olindi. Shuningdek, qabul doirasida band bo‘lmagan aholi uchun mehnat yarmarkasi, fuqarolar uchun sayyor tibbiy ko‘rik ham tashkil qilindi.

***
Olmaliq shahrida elektr resurslarini iqtisod qilish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazildi. Unda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi, viloyat prokuraturasi, soliq idoralari, elektr tarmoqlari va hokimiyat vakillari hamda viloyatda faoliyat olib borayotgan korxonalar vakillari ishtirok etdi.
Mutaxassislar tomonidan tadbirda energiya resurslarini tejash va muqobil elektr energiyasi bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Xususan, tadbirkorlik sub’ektlariga quyosh panellarining afzalliklari va qulayliklari to‘g‘risida taqdimotlar tashkil qilindi.
Shuningdek, seminarda bank krediti orqali quyosh panellari xarid qilinishi va bojxona to‘lovlari to‘g‘risidagi savollarga soha mutasaddilari tomonidan batafsil tushuntirish berildi. Bugungi kunda olib borilgan targ‘ibot ishlari orqali 583 ta ob’ektga jami 8,6 megavatt quvvatga ega bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan.


***
Angren shahrida buyrak ko‘chirish bo‘yicha ilk bor murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Unda 18 yoshli bemor uchun ona donor bo‘ldi. Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy amaliy tibbiyot markazidan kelgan mutaxassislar mahalliy shifokorlar bilan birgalikda mazkur operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Aytish mumkin, hozirgacha Toshkent viloyatida 8 nafar bemorda ana shunday amaliyotlar bajarilgan.


***
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Toshkent viloyatidagi tumanlar bo‘limi prognoz yetakchi mutaxassisi va davlat inspektorlari tomonidan joylardagi fermer va dehqon xo‘jaliklari ekin maydonlarida nazorat ishlarini olib bormoqda.


Jumladan, Bekobod tumanidagi dalalarda zararkunandalarni aniqlash maqsadida bahorgi yer kovlash ishlari qilinmoqda. Asosiy maqsad 2025 yil hosili uchun parvarishlanayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifati, hajmini oshirish va zararkunandalarning ta’sirini prognoz qilishdan iborat. Bu kabi sa’y-harakatlar davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA