Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi dungan millati vakillari Xitoy xalqining oy taqvimi bo‘yicha kirib kelgan yangi yil – Chun Sze bayramini nishonladi. Xitoyliklar madaniyatida bu yangi oy yoki bahor bayrami deb ham ataladi.
Hududdagi Do‘stlik mahallasida tashkil etilgan bayram tadbirida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi mas’ul xodimlari, tuman hokimligi vakillari, hudud faollari va yoshlar ishtirok etdi. Hozir mamlakatimizda yashayotgan dunganlar boshqa millat va elat vakillari bilan tinch-totuv, ahil-inoq bo‘lib, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda. Ularning ko‘plab yoshlari xitoylik tadbirkorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan sanoat korxonalarida faoliyat yuritadi.
Tadbirda Do‘stlik mahallasida joylashgan 42-umumta’lim maktabi o‘quvchilaridan tashkil topgan “Chinme” havaskorlar ansambli ijrosidagi dungan xalq qo‘shiqlari va raqslar barchada katta taassurot qoldirdi.

***
Toshkent viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari A.Mullajanov boshchiligidagi prokuratura huzuridagi Departament, Majburiy ijro byurosi hamda boshqa mutasaddi idoralar xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan hududlarda o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Xususan, mutaxassislar Prezidentimizning 2022 yil 21 fevraldagi “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash borasida Bo‘stonliq tumanida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. Jarayonda yer qonunchiligiga rioya qilmaslik, yerdan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, noqonuniy qurilmalar qurish holatlari aniqlanib, noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.


***
“Xavfsiz hudud” tezkor profilaktik tadbirlari doirasida 2 nafar qizlarga mo‘may daromad va’da qilib, aldov yo‘li bilan Turkiyaga jo‘natayotgan shaxs, xalqaro aeroportda qo‘lga olindi. Toshkent viloyati IIBB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirda Nurafshon shahrida yashovchi ayol (N.K.) oson pul topish maqsadida Bekobod shahri va O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi 21 yoshli ikki nafar qizlar(S.T. va M.M.)ni aldab, katta pul topishga ishontirgan.
Ular Toshkent xalqaro aeroporti orqali Turkiyaning Istanbul shahriga fohishalik uchun jo‘natayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlandi. Hozirda ushlangan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksi tegishli moddasi (Odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


***
Angren shahrida “Xavfsiz hudud” maxsus profilaktik tadbiri doirasida transport vositalari bilan bog‘liq hodisa va jinoyatlarni barvaqt oldini olish, qoidabuzar haydovchilarga qarshi kurashish maqsadida reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Toshkent viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarma boshlig‘i polkovnik A.Sadirov boshchiligida tashkil etilgan ushbu jarayonda 200 dan ortiq haydovchilar tegishli hujjatlarsiz, mast holda hamda foydalanish belgilangan tartibda man etilgan avtomobillarni boshqargani uchun ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, avtoulovlar jarima maydoniga joylashtirildi. Bundan tashqari, yo‘l-transport hodisalarini oldini olish, harakat ishtirokchilariga qulayliklar yaratish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirildi.


Jumladan, ayrim ko‘chalarda joylashgan piyodalar o‘tish joylari qayta chizildi, avtobus yo‘laklari tashkil etildi, svetoforlar ta’mirlandi. Shahardagi 15 ta yo‘lga belgilar o‘rnatildi. Bu boradagi ishlar boshqa joylarda ham davom etmoqda.
A.Musayev,O‘zA