Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Yangicha qiyofa kasb etgan Olmaliq shahar avtoshohbekatning tantanali ochilish marosimida transport sohasi mas’ullari, tadbirkorlar, nuroniylar hamda hudud faollari ishtirok etdi.
Tadbirkorlik sub’ektining 4,5 milliard so‘m mablag‘lari hisobiga zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan avtoshohbekatda aholi va haydovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan bo‘lib, ona-bola xonasi, tibbiyot xonasi zarur jihozlar bilan ta’minlangan.
Qayta rekonstruksiyadan so‘ng bu yerga kunlik 120-130 ta yengil va 18-20 ta avtobus hamda 900-1000 nafar yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.
***
Yurtimizga “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona post orqali piyoda holda kirib kelgan fuqaroning qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, og‘zaki so‘rovda taqdim etilmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan 14 dona ko‘k rangli paketlarga solingan “ozdiruvchi kofe mahsulotlari” borligi aniqlandi.
Bojxona qo‘mitasi Markaziy laboratoriyasining xulosasiga ko‘ra, jami 3 ming 221,36 gramm bo‘lgan vazn yo‘qotish uchun mo‘ljallangan “kofe mahsulotlari” tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi modda borligi aniqlandi. U Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kuchli ta’sir etuvchi moddalar aylanishini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarorida keltirilgan ro‘yxatga asosan mamlakatimiz hududiga muomalasi cheklangan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar qatoriga kiritilgan. Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
***
Ma’lum bo‘lishicha, Majburi ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasi hamda uning tuman-shahar bo‘lim ish yurituvida ish haqi undirishga doir 45 ta, 6 milliard 100 million so‘mlik ijro hujjatlari mavjud. Ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Byuroning Ohangaron shahar bo‘limi ish yurituvida sud qarorlariga asosan “Ohangaronshifer” AJdan jami 324 ta 5 milliard 63 million 340 ming 180 so‘mlik ish haqi undiruvi bilan bog‘liq ijro hujjatlari mavjud.

Bo‘lim davlat ijrochilari tomonidan mazkur qarzdor tashkilotga tegishli bo‘lgan mol-mulklar xatlandi va tegishli tartibda realizatsiya choralari ko‘rilgan. Jumladan, ularga qarashli Ohangaron shahridagi “Qo‘rg‘on” MFY hududida joylashgan dam olish maskani bino-inshooti xatlanib, “ye-auksion.uz” elektron savdo platformasida savdolarga chiqarildi. Natijada mazkur dam olish maskani sotilib, undan tushgan mablag‘ning 4 milliard 196 million 300 ming so‘mi qarzdor korxonaning 324 ta ishchi xodimiga ish haqi sifatida to‘lab berildi.
Hozirda korxonaning boshqa mol-mulklari ham auksion savdolariga chiqarilgan.
***
Yangiyo‘l shahrida Kikboksing sport turi bo‘yicha “Toshkent viloyati kubogi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Barcha tuman va shaharlardan kelgan jami 150 nafardan ortiq sportchilar ishtirok etgan ushbu musobaqa ko‘tarinki ruhda va qizg‘in bahslarga boy o‘tdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumjamoa hisobida Zangiota tumani birinchi o‘rinni, Yangiyo‘l shahri ikkinchi o‘rinni va Quyi Chirchiq tumani esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

A.Musayev,O‘zA.