Toshkent viloyati: to‘yga munosib to‘yonalar
Toshkent viloyatida xizmat ko‘rsatish sohasini takomillashtirish, jumladan, ijtimoiy soha ob’ektlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘zida birgina Piskent tumanida 6 ta yangi maktabgacha ta’lim muassasasi foydalanishga topshirildi.
Mustaqilligimizning 31 yilligi bayrami arafasida Piskent tumani “Do‘ngqo‘rg‘on” mahallasida 90 o‘rinli yangi bog‘cha ish boshladi. Shinam va zamonaviy binoning ochilish marosimiga mahallaning ulug‘lari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, maktabgacha ta’lim tizimi jonkuyarlari hamda har jabhada tuman rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan faollar qatnashdi. To‘yga to‘yona bilan deganlaridek, istiqlol bayrami arafasida Lolaariq mahallasida markaziy o‘yingoh, “Istiqlol”, “Do‘ngqo‘rg‘on” va “Saidobod” mahallalariga ham yangi binolar foydalanishga topshiriladi.

Ohangaron tumanidagi yangilanish va o‘zgarishlardan aholi mamnun. Xususan, Nurobodda yana bitta bank binosi foydalanishga topshirildi. Mazkur 5 qavatli binoning ikki qavati bank idorasi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 3-5 qavatlari turar-joy xonadonlari hisoblanadi.
Ochilish marosimida tuman hokimi Abdurasul Abdullayev mazkur markazda ishlovchi xodimlarning har biri bilan o‘z xizmat vazifalari yuzasidan alohida suhbatlashib chiqdi. Bir necha hafta ilgari Nurobod qo‘rg‘onida “Ipotekabank” bank xizmatlari markazi ochilgan bo‘lsa, mustaqillik bayrami arafasida “Xalq banki” filiali binosi foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

Yuqori Chirchiq tumanida ham yangi ijtimoiy soha ob’ektlari el xizmati uchun ishga tushirildi. Jumladan, “Kavardon” mahallasida “Omilxon Eshon” jome masjidining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Qur’on tilovati bilan boshlangan tadbirda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov, tuman hokimi Uskenboy Atemov, imom-domlalar, mahalla faollari, homiylar va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi. Ma’lumki, mazkur masjid 1 asrdan ziyodroq tarixga ega bo‘lib, o‘sha vaqtlar eski masjidning binosi sig‘imi 200-250 kishi bo‘lgan. Hozir masjidda 600 nafar namozxon bemalol ibodatlarini ado eta oladi. Bu yerda zarur barcha sharoitlar yaratildi.
A.Musayev,O‘zA.