Toshkent viloyati florasining kadastri yaratildi
Mamlakatimizda o‘simlik dunyosi ob’ektlarining davlat kadastrini yaratish bo‘yicha bosqichma-bosqich uzviy tadqiqotlar olib borilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti, O‘simliklar muhofazasi va ekologiyasi laboratoriyasi olimlari tomonidan Toshkent viloyati florasining ham ilk to‘liq kadastri shakllantirildi.
Shu paytgacha Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy, Jizzax va Buxoro viloyatlari floralari to‘liq o‘rganilgan bo‘lsa, Toshkent viloyati – ushbu jarayonda to‘liq xatlovdan o‘tgan oltinchi ma’muriy hududga aylandi.
Eng qizig‘i, hududiy jihatdan nisbatan kichikroq bo‘lgan Toshkent viloyati tabiiy o‘simliklar xilma-xilligi bo‘yicha eng boy hudud sifatida ajralib turibdi.
Tadqiqotlar davomida viloyat hududida 2366 tur o‘simlik aniqlangan. Bu raqam esa Markaziy Osiyoda uchraydigan barcha o‘simliklar turlarining 25 foizini tashkil qiladi. Ular 105 ta oila va 664 ta turkumga mansub. Shulardan 209 tur chetdan kirib kelgan bo‘lib, 71 tur O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.
Shuningdek, xalqaro darajada muhofaza qilinadigan 6 tur o‘simlik ham mazkur hududda qayd etilgan.
Bu yuzasidan FA Axborot xizmati ma’lum qildi.
Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi, Ugom-Chotqol milliy bog‘i, Ugom-Chotqol biosfera rezervati hamda Dalvarzin davlat o‘rmon-ovchilik xo‘jaligi kabi muhim tabiiy hududlar ham tadqiqotlar doirasiga kiritilib, ularning florasi to‘liq inventarizatsiya qilingan.
Ushbu tadqiqotlar chog‘ida esa butunlay yangi 3 tur kashf etilgan: Qurama burmaqorasi, Pskem burmaqorasi va Tojibayev parriyasi.
Shuningdek, O‘zbekiston florasiga ilgari noma’lum bo‘lgan yana 17 tur va G‘arbiy Tiyon-Shonning O‘zbekiston qismida 5 ta yangi tur aniqlangan.
Bundan tashqari, olimlar tomonidan Toshkent viloyati florasining raqamli ma’lumotlar bazasi yaratilib, xalqaro bioxilma-xillik platformalariga integratsiya qilingan.
20 yillik tahlillar asosida dorivor o‘simliklar resursidagi kamayish dinamikasi aniqlab, ularni barqaror boshqarish bo‘yicha ilmiy takliflar ishlab chiqilgan. Shuningdek, ilk bor viloyatdagi dorivor o‘simliklar tarqalishining topografik tahlili amalga oshirilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur tadqiqotlar nafaqat Toshkent viloyati, balki butun O‘zbekistonning o‘simlik dunyosi haqidagi ilmiy bilimlarni yanada boyitadi.
Yangi kashfiyotlar, rakamlashtirilgan ma’lumotlar va aniq takliflar, kelgusidagi muhofaza tadbirlari — bularning barchasi fanning rivojiga ulkan hissa qo‘shadi.
M.Eshmirzayeva, O‘zA