Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga Farrux Zokirov nomi beriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targ‘ib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, butun umrini san’atga baxshida etib kelayotgan, o‘zbek milliy estradasini dunyoga tarannum qilib, yurtimizning madaniyati va san’ati nufuzini yuksaltirishga beqiyos hissa qo‘shayotgan, serqirra faoliyati xalqlar o‘rtasida ma’naviy ko‘prik bo‘lib xizmat qilayotgan ustoz san’atkor - O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng tartib qilish va yosh avlodga munosib yetkazish maqsadida Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga Farrux Zokirov nomi beriladi.
Farrux Zokirov nomidagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quv-tarbiya jarayonini muvofiqlashtirib borish va yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha badiiy-pedagogik kengash tashkil etiladi hamda uning tarkibi qarorga muvofiq tasdiqlanadi.
Maktabda:
"Yalla" nomidagi bolalar ansambli faoliyati tashkil etiladi;
Yoshlar ijodiy laboratoriyasi hamda "ustoz-shogird" an’analari asosida estrada yo‘nalishi bo‘yicha ijrochilik mahorat maktablari tashkil etiladi;
Maktab badiiy-pedagogik kengashi qarori bilan tashkil etilgan mahorat maktabining ustoz-ijodkorlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan har oyda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida rag‘batlantirib boriladi.
Yoshlar ijodiy laboratoriyasi doirasida:
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 3 nafardan bolalar musiqa va san’at maktabining iqtidorli o‘quvchilaridan iborat guruh shakllantirilib boriladi hamda ta’til davrida yozgi to‘garakka jalb etilib, estrada xonandaligi bo‘yicha maxsus bepul kurslarda o‘qitiladi;
2026/2027 o‘quv yiliga qadar zamonaviy ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi tashkil etiladi hamda u sahna jihoz va liboslari bilan ta’minlanadi;
Maktab va yozgi to‘garakka jalb qilingan o‘quvchilarning ijod namunalari televideniye va xalqaro onlayn platformalarda namoyish etib boriladi.
Yoshlar ijodiy laboratoriyasini tashkil etish, uni jihozlash va hududlardan o‘quvchilarni yozgi to‘garakka jalb etish, shu jumladan, ularning yashash, ovqatlanish va transport xarajatlari to‘liq Davlat byudjetidan qoplanadi.
Har yili Maktab va yozgi to‘garakning iqtidorli 5 nafar o‘quvchilari hamda ularning o‘qituvchi va konsertmeysterlarining nufuzli xalqaro tanlovlarda ishtirok etishi bilan bog‘liq xarajatlar Davlat byudjetidan qoplanadi. Bunda ushbu tanlovlar ro‘yxati Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
2026-2027-yillarda tajriba-sinov tariqasida xalqaro nufuzli tanlovlarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan Maktab va yozgi to‘garak o‘quvchilari (jamoalari) hamda ularni tayyorlagan o‘qituvchi (konsertmeyster) quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan ratbag‘lantiriladi:
"Gran-pri" va 1-o‘rin sohibi 30 million so‘m, o‘qituvchi (konsertmeyster) 20 million so‘m miqdorida;
2-urin sohibi 20 million so‘m, o‘qituvchi (konsertmeyster) 10 million so‘m miqdorida;
3-o‘rin sohibi 10 million so‘m, o‘qituvchi (konsertmeyster) 5 million so‘m miqdorida.
Maktabda a’lo baholarga o‘qiyotgan o‘quvchilarning 10 nafarini Maktab badiiy-pedagogik kengashi qarori bilan Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktabi hamda maktab-internatlariga imtihonlarsiz qo‘shimcha kvota asosida qabul qilish tartibi joriy etiladi.
O‘zA