Toshkent: O‘simlik kimyosi 70 yilligi — dori yaratishning yangi davri
Bir dona xapdori ortida o‘nlab yillik izlanishlar yotadi. Toshkentda boshlangan xalqaro anjuman o‘simlik moddalarini doriga aylantirish sirlarini muhokama qilmoqda. 70 yillik tarixga ega institut ilm va tibbiyot ko‘prigini mustahkamlaydi.
Dori qutisidagi bitta xapdori ortida ba’zan o‘nlab yillik ilmiy izlanishlar, minglab o‘simlik namunalari va laboratoriyada o‘rganilgan yuzlab tabiiy birikmalar turadi. Toshkentda bugun boshlangan xalqaro konferensiyada esa ana shu jarayon — o‘simlik tarkibidagi moddani aniqlashdan tortib, uni dori vositasiga aylantirishgacha bo‘lgan murakkab yo‘l muhokama qilindi. Bu jarayonning markazida turgan O‘simlik moddalari kimyosi instituti esa bu yil 70 yilligini nishonlamoqda.
Toshkentda 7-oktabr kuni «Biologik faol birikmalar: kimyodan tibbiyotgacha» mavzusidagi XVI xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining S.Y.Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi instituti tashkil etilganining 70 yilligiga bag‘ishlangan anjuman 9-oktabrga qadar davom etadi. Mazkur anjumanning o‘ziga xos jihati, unda gap faqat kimyoviy moddalar haqida emas. Asosiy e’tibor tabiiy birikmalarni aniqlash, ularning organizmga ta’sirini o‘rganish va ilmiy natijani tibbiyotda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan mahsulotga aylantirish masalalariga qaratilgan.
Konferensiyada 15 dan ortiq davlatdan 107 nafar xorijiy ekspert va olim ishtirok etmoqda. Bu esa O‘zbekistonda o‘simliklar kimyosi bo‘yicha shakllangan ilmiy maktabning xalqaro miqyosdagi aloqalari kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Xo‘sh, 70 yilda laboratoriyadan qanday natijalar chiqdi? Bu yuzasidan ma’lumot berilishicha, institut olimlari tomonidan o‘tgan davr mobaynida 5000 dan ortiq yangi tabiiy birikma ajratib olinib, 3500 dan ortig‘ining tuzilishi aniqlangan, 10 mingdan ortiq birikma sintez qilinib, 60 dan ortiq asl dori vositasi amaliyotga tatbiq etilgan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi, o‘simlik tashqi ko‘rinishi bilan oddiy bo‘lishi mumkin, ammo uning tarkibida inson organizmiga ta’sir qiladigan yuzlab moddalar bo‘ladi. Kimyoshunos uchun o‘simlikning qaysi qismida “qimmatli” molekula borligini qanday aniqlaydi? Va, uni oddiy moddalar orasidan ajratib olish qanchalik murakkab?
Bu yuzasidan O‘simlik moddalari kimyosi instituti ilmiy kotibi, texnika fanlari doktori — Muniraxon Mamatxanovaning ta’kidlashicha, o‘simlikning faqat ildizi yoki bargigina emas, uning har bir qismi biologik faol moddalar manbai bo‘lishi mumkin.

Kerakli birikmalar maxsus ekstraksiya usulida ajratib olinib, zamonaviy analitik va fizik-kimyoviy usullar yordamida tarkibi hamda kimyoviy tuzilishi aniqlanadi. Biroq bu jarayonda o‘simlikning qayerda o‘sgani va qaysi faslda yig‘ilgani ham muhim: bir xil o‘simlik turining turli hududlarda yoki turli mavsumlardagi kimyoviy tarkibi va biologik faol moddalar tarkibi hamda miqdori bir-biridan farq qilishi mumkin.

Anjuman dasturida tabiiy birikmalar kimyosi bilan bir qatorda tibbiyot uchun dolzarb bo‘lgan yo‘nalishlar ham alohida o‘rin olgan. Xususan, yurak-qon tomir va miya-qon tomir kasalliklarining oldini olish, neyrodegenerativ kasalliklarga qarshi yangi vositalar izlash hamda Markaziy Osiyo mintaqasiga xos kasalliklar bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilinmoqda. Konferensiyaning yana bir alohida sho‘basi “Allapinin” antiaritmik preparatining 40 yillik qo‘llanilishiga bag‘ishlangan.

Bundan tashqari, institut bugun faqat ilmiy tadqiqotlar olib boriladigan muassasa sifatida emas, balki ilmiy ishlanmani ishlab chiqarishga yaqinlashtiruvchi markaz sifatida ham rivojlanmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan, xalqaro standartlarga javob beruvchi dori substansiyalarini tajriba-sanoat miqyosida ishlab chiqarish markazi faoliyat yuritmoqda.
Ayni vaqtda farmatsevtika kompaniyalariga 20 dan ortiq biologik faol substansiya yetkazib berilmoqda. Institut ishlanmalari orasida “Allapinin”, “Ekdisten”, “Galantamin” kabi preparatlar, shuningdek, Fransiyada kosmetik xomashyo sifatida qo‘llanadigan “Jistenin” ham tilga olinmoqda. Tadqiqotlarning yakuniy nuqtasi esa ilmiy maqola bilan tugab qolmaydi, uning keyingi manzili albatta farmatsevtika, tibbiyot va sanoat bo‘ladi.
Institutda zamonaviy analitik texnologiyalar ham joriy qilinmoqda. Bunday texnologiyalar murakkab molekulalarning tuzilishini chuqurroq o‘rganish, yangi tabiiy birikmalarni aniqlash va ularning xususiyatlarini tadqiq etish imkonini beradi. Bu esa kelajakda metabolomika, biotexnologiya va yangi avlod dori vositalarini yaratish bo‘yicha tadqiqotlarni rivojlantirishga yordam beradi.
Xo‘sh, bugun dunyoda ko‘plab yangi dorilar yaratilayotgan bir paytda, O‘zbekiston florasida hali tibbiyotda to‘liq o‘rganilmagan qanday biologik faol moddalar bor? Olimlar o‘simlikdan yangi dori yaratishda aynan qaysi bosqichda eng katta muammoga duch keladi — kerakli moddani topishdami, uning ta’sirini isbotlashdami yoki uni dori darajasiga olib chiqishdami?

Ushbu savol yuzasidan O‘zRFA O‘simlik moddalari kimyosi institutining yetakchi ilmiy xodimi — Sherzod Jo‘raqulovning tushuntirishcha, institutda dorivor o‘simliklarni o‘rganish dastlabki bosqichdanoq “konveyer” tamoyilida yo‘lga qo‘yilgan. Ya’ni, kimyoshunoslar moddani ajratib, tuzilishini aniqlaydi, farmakologlar uning biologik faolligini o‘rganadi, texnologlar esa ishlab chiqarish texnologiyasini ishlab chiqadi.
“Olimlar ta’kidlaganidek, biologik faol birikmani tayyor dori preparatiga aylantirish katta vaqt, mehnat va mablag‘ talab qiladi. Ayniqsa, yangi preparatni bozorga olib chiqishda zarur farmakotoksikologik tadqiqotlar va hujjatlashtirish jarayoni ishlab chiqaruvchilar uchun jiddiy to‘siqlardan biri bo‘lib qolmoqda”, deydi biz bilan suhbatda, yana u.

Uch kunlik konferensiyada shuningdek, yalpi majlislar va yetakchi olimlarning ma’ruzalari tinglanadi.
8-oktabrda ilmiy muhokamalar davom ettirilib, yosh olimlar, doktorantlar va tadqiqotchilar o‘z ishlanmalarini poster sessiyasida taqdim etadi. 9-oktabrda esa asosiy ilmiy sho‘balar doirasida parallel majlislar o‘tkaziladi. Shuningdek, xalqaro qo‘shma loyihalarning keyingi yo‘nalishlarini belgilashga qaratilgan davra suhbati rejalashtirilmoqda.
Bundan xulosa qilish mumkinki, 70 yil avval asosiy vazifa o‘simliklar tarkibidagi sirli moddalarni topish bo‘lgan bo‘lsa, bugungi maqsad ancha kengaygan. Ya’ni, institut imkoniyatlari bugun aniqlangan molekulani tibbiyot uchun zarur mahsulotga aylantirishgacha yetib keldi. Toshkentdagi xalqaro konferensiya esa ana shu ikki nuqta — ilm va tibbiyot o‘rtasidagi ko‘prik qanchalik mustahkamlanayotganini ko‘rsatmoqda.
Mohichehra Eshmirzayeva,
Asliddin Alijonov,
O‘zA