Toshkent – islom arxitekturasi durdonalarining ochiq muzeyi
Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida
Dohada joylashgan “Al Jazeera” media tarmog‘i nashri “Toshkent... Markaziy Osiyoda islom arxitekturasi durdonalarining ochiq muzeyi” sarlavhali maqola e’lon qildi.
Material avvalida butun dunyodan sayyohlar Markaziy Osiyodagi islom me’morchiligining ko‘zga ko‘ringan namunalari sanaladigan tarixiy obidalarni ko‘rish ishtiyoqida poytaxtimizga talpinishi bayon etilgan. Ipak yo‘lidagi eng muhim bekatlardan biri – Toshkentda zamonaviy imoratlar o‘rta asrlarda bunyod etilgan masjidlar, diniy maktablar bilan uyg‘unlashgani, shu tariqa shahar noyob sayyohlik maskaniga aylangani ta’kidlangan.
Muallif eski mahallalaridagi Hazrati Imom va Suzuk Ota masjidlari, Ko‘kaldosh madrasasi, Abul Qosim ziyoratgohi, Shayx Xovandi Tohur va Yunusxon maqbaralari mahalliy va xorijlik sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan manzillar qatoriga kirishini e’tirof etgan.
– Ko‘plab o‘ziga xos tarixiy binolarni birlashtirgan Hazrati Imom Markaziy Osiyo me’morchiligining yorqin namunalaridan biridir, – deyilgan maqolada. – Mashhur diniy olim Abu Bakr Al-Qaffol Ash-Shoshiy sharafiga shunday nomlangan mazkur majmua tarkibiga maqbara, Baroqxon va Mo‘yi Muborak madrasalari, shuningdek Shayx tepaligi va Hazrati Imom masjidi kiradi. Inshoot o‘rtasidagi bir vaqtning o‘zida minglab namozxonni sig‘dira oladigan keng maydonda hayit namozlari ham o‘qiladi. 1856-1857 yillarda tiklangan Mo‘yi Muborak madrasisida “Usmon mushafi” saqlanadi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA