Toshkent havosini ifloslantirgan holat sabablari ma’lum bo‘ldi
Joriy yil 11-iyul kuni Toshkent osmonini qoplagan tutun va havodagi o‘tkir hid ko‘plab poytaxt aholisini xavotirga solgan edi.
Ijtimoiy tarmoqlarda turli taxminlar yuzaga keldi. Rasmiy o‘rganishlar ushbu ekologik holatning asl sabablarini ochiqladi.
Ma’lum bo‘lishicha, muammo chiqindilar poligonida yong‘inning o‘z vaqtida bartaraf etilmagani bilan bog‘liq.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ekopolitsiya xodimlari tomonidan 11-12-iyul kunlari Toshkent shahri havosining ifloslanishi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda Ohangaron tumanidagi “Yangi hayot” qo‘rg‘oni hududida joylashgan maishiy chiqindilar poligonida chiqindilarni joylashtirish va ko‘mish ishlari talab darajasida tashkil etilmagani aniqlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aynan shu qoidabuzarliklar oqibatida 2026-yil 10-iyul kuni poligonda yong‘in kelib chiqqan. Shu kuniyoq Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi mutaxassislari hududda o‘rganish o‘tkazib, poligon rahbarini ma’muriy javobgarlikka tortgan hamda yong‘inni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma bergan.
Biroq ekopolitsiyaning qayta tekshiruvida mazkur ko‘rsatmalar bajarilmagani, yong‘in 11-iyul kuni ham davom etgani ma’lum bo‘ldi. Shu munosabat bilan poligon rahbariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-moddasi 2-qismi asosida takroran jarima qo‘llanildi.
Eng xavotirlisi esa laboratoriya tahlillari natijalari bo‘ldi. O‘lchovlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida atmosferaga chiqarilgan zararli moddalar belgilangan me’yordan bir necha barobar oshgan. Jumladan uglerod oksidi — 10,7 barobar, formaldegid — 12,2 barobar, azot ikki oksidi — 12,8 barobar, oltingugurt ikki oksidi — 9 barobar, vodorod sulfid — 1,5 barobar yuqori ekani qayd etilgan.
Mutaxassislar ifloslangan havoning Toshkent shahriga yetib kelishida ob-havo sharoiti ham muhim omil bo‘lganini ta’kidlamoqda. Meteorologik kuzatuvlarga ko‘ra, 11-iyul kuni kechqurun avval shamolsizlik kuzatilgan, keyin esa shamol sharqiy va janubi-sharqiy yo‘nalishdan, ya’ni Ohangaron tomondan poytaxt sari esgan. Natijada havo sifati monitoringi stansiyalarida PM₂,₅ va PM₁₀ mayda zarrachalari konsentratsiyasi keskin oshgan.
O‘tkazilgan hisob-kitoblar asosida atmosfera havosini ifloslantirgani uchun “MAXSUSTRANS-ISHB” davlat unitar korxonasiga 683 million 870 ming so‘m miqdorida qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovi hisoblangan. Tegishli hujjatlar sud organlariga yuborish uchun tayyorlanmoqda.
Ta’kidlanishicha, Ohangaron tumanidagi mazkur chiqindilar poligoni qurilishi 2021-yilda boshlangan bo‘lsa-da, hozirgacha to‘liq yakunlanmagan va rasman foydalanishga topshirilmagan. Shunga qaramasdan, 2025-yil may oyidan buyon Toshkent shahrida hosil bo‘layotgan maishiy chiqindilar aynan shu hududga olib kelinib joylashtirib kelinmoqda.
Mazkur holat chiqindilarni boshqarish tizimida ekologik xavfsizlik talablariga qat’iy amal qilish, poligonlar faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish hamda atrof-muhit va aholi salomatligiga xavf tug‘diruvchi holatlarning oldini olish naqadar muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA