Toshkent dunyo qilichbozlarini chorlamoqda
9-12 dekabr kunlari poytaxtimizda Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi taqvim rejasidan o‘rin olgan yoshlar o‘rtasidagi Jahon kubogi bahslari o‘tkaziladi.
Jahon kubogi bahslari qilichbozlikning shpaga, rapira va sablya yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etiladi.
Sportchilar uchun muhim reyting ochkolarini taqdim qiladigan bahslar yakkalik va jamoaviy yo‘nalishda bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Musobaqa taqvimiga ko‘ra, joriy yilning 9 dekabrida rapira bo‘yicha yakkalik, 10 dekabrda shpaga bo‘yicha yakkalik va rapira bo‘yicha jamoaviy, 11 dekabrda sablya bo‘yicha yakkalik va shpaga bo‘yicha jamoaviy, 12 dekabrda sablya bo‘yicha jamoaviy bellashuvlar tashkillashtirilishi rejalashtirilgan.
T. Ro‘ziyev, O‘zA