To‘rt yuz yillik ilmiy qarashni o‘zgartirgan qo‘lyozma
Kamoliddin Behzod merosi o‘rta asrlar Sharq kitobat madaniyatining eng yuksak cho‘qqisi sanaladi.
Uning hayoti va ijodi haqida Xondamir, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Haydar hamda Zayniddin Vosifiy kabi zamondoshlari muhim guvohliklar qoldirgan. Shunga qaramay, mo‘yqalam sohibi tarjimai holining ko‘plab sahifalari uzoq vaqt mobaynida bahsli bo‘lib keldi. Keyingi asrlarda bitilgan tazkiralarda asl hujjatlar o‘rnini ko‘pincha to‘qima rivoyatlar va og‘zaki afsonalar egalladi. Natijada musavvirning Hirot badiiy muhitidan Tabriz saroy ustaxonasiga o‘tish davri xususida jiddiy ilmiy noaniqliklar ildiz otdi.
Ushbu chalkashliklarga chek qo‘yishda XVI asr muarrixi Budoq munshiy Qazviniy qalamiga mansub “Javohir al-axbor” (“Xabarlar gavharlari”) asari asosiy kalit bo‘ldi. Muallifning hijriy 984, ya’ni milodiy 1576-yilda yakunlangan mazkur umumtarixiy asari uzoq vaqt sharqshunoslar e’tiboridan chetda qolib kelgan edi. Qo‘lyozmaning Sankt-Peterburg kutubxonasida Dorn 288 belgisi ostida saqlanayotgan nusxasi kotib ko‘chirmasi emas, balki muallifning shaxsiy dastxati ekani bilan beqiyos qimmatga ega. Sharqshunos olim O.Akimushkin o‘z ilmiy izlanishlarida ko‘rsatib o‘tganidek, Behzod dunyodan ko‘z yumgan yili muarrix Qazviniy yigirma olti yoshli yigit bo‘lgan. Muayyan sabablar bilan davlat ishlaridan chetlatilgan sobiq amaldor zamonasining xattotlari va naqqoshlari to‘g‘risidagi xotiralarni ularning bevosita safdoshlari guvohligi asosida tiklab chiqqan.
Qo‘lyozmaning 111b–112a varaqlarida qayd etilishicha, Behzod bolaligida ota-onasidan ajralib, yetim qolgan. Uni Husayn Boyqaro saroyida kitobdorlik qilgan Mirak Naqqosh o‘z qaramog‘iga olib, tarbiyalagan va kasb sirlarini o‘rgatgan. Rassom qisqa vaqt ichida zamonasining yetuk mahorat sohibi darajasiga ko‘tarilgan. Biroq Budoq munshiyning ushbu xolis qaydlari keyingi mualliflar tomonidan buzib talqin qilindi. Xususan, Qozi Ahmad Qumiy o‘zining 1596-yilda yozilgan asarida Qazviniy matnini sayqallash bahonasida tarixiy voqealar izchilligini xiralashtirib qo‘ydi. Uning bayonida Behzod Iroqqa kelgan vaqtda ustoz Sulton Muhammad saroy ustaxonasi ishini jonlantirib, safaviylar sulolasi valiahdi Tahmosbga musavvirlikdan ta’lim berayotgani aytiladi. Mazkur chalkash jumla tufayli tarixshunoslikda Sulton Muhammad Behzod kelguniga qadar shahzodaning yagona muallimi bo‘lgan degan xato fikr o‘rnashib qolgan edi.
Sharqshunos olim O.Akimushkin birlamchi manbalar va voqealar xronologiyasini qiyoslash orqali ushbu jumboqni yechib berdi. Shoh Ismoil I o‘zining ikki yashar to‘ng‘ich o‘g‘li Tahmosbni 1515-yilning oxirida Xuroson noibi etib tayinlagan. Tarixchi Xondamirning “Habib us-siyar” asari guvohlik berishicha, yosh shahzoda Hirotga 1516-yilning bahorida yetib kelgan. Valiahd u yerda naq olti yarim yil yashab, boshqaruvni ukasi Som Mirzoga topshirgan va faqat 1522-yil 7-yanvarda Hirot chekkasidagi Saksalmon qishlog‘idan poytaxt Tabriz tomon jo‘nagan. Shahzoda poytaxtda bo‘lmagan butun boshli olti yil davomida Sulton Muhammad unga Tabrizda qanday qilib dars berishi mumkin edi? Hukmdor o‘z saroyining bosh musavvirini uzoq muddatga poytaxtdan boshqa shaharga jo‘natib yubormagani tabiiy. Demak, Tahmosbning tasviriy san’at bo‘yicha saboq olishi u Hirotdan qaytib kelganidan keyin boshlangan.
Ushbu safar tafsilotlari Kamoliddin Behzodning ham Tabrizga kelgan aniq vaqtini belgilab berdi. Musavvir 1522-yilning fevral oyi oxirida Hirotdan qaytayotgan yosh Tahmosbning mulozimlari safida safaviylar poytaxtiga yetib kelgan. Oradan atigi ikki oy o‘tib, hijriy 928 yilning 27 jumodulavval kuni, ya’ni 1522-yil 24-aprel sanasida maxsus davlat farmoni imzolangan. Mazkur hujjat bilan Behzod saroy kitobxonasi va ustaxonasining rahbari etib tayinlangan. O‘sha davrda kitobxona nafaqat qo‘lyozmalar xazinasi, balki xattotlar, lavvohlar, musavvirlar va muqovasozlar faoliyatini birlashtirgan bosh badiiy markaz vazifasini o‘tagan. Behzod umrining oxirigacha ushbu markazni boshqarib, qo‘lyozma bezashning yaxlit qoidalarini joriy etdi hamda Do‘st Devona kabi zabardast shogirdlarni tarbiyaladi.
Qazviniy asaridagi yana bir muhim ma’lumot musavvirning tavallud yiliga doir yanglish farazlarni rad etdi. Solnomachi o‘z qaydida rassomning yetmish yoshga kirganini bayon qiladi. Ayrim tadqiqotchilar ushbu so‘zlarga suyanib, rassom yetmish yoshida vafot etgan degan taxmin bilan uni 1467 yoki 1468-yilda tug‘ilgan deb hisoblagan edi. Biroq O.Akimushkin qo‘lyozma matnini chuqur sharhlab, Budoq munshiy bu o‘rinda keksa ustozning yetmishdan oshganda ham tetik holda ijod qilganini ta’kidlaganini, bu hol uning aynan shu yoshda olamdan o‘tganini bildirmasligini qayd etdi. Musavvirning hijriy 942, ya’ni 1535–1536-yillarda vafot etgani zamondoshi Do‘st Muhammadning qaydlari bilan qat’iy tasdiqlangan. Ushbu dalillar Behzodning tavalludi 1455 va 1460-yillar oralig‘iga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatadi.
O‘tgan asrda birlamchi manbalar ustida olib borilgan izlanishlar Kamoliddin Behzodning hayot yo‘lini keyingi davr rivoyatlaridan xalos etgan edi. Budoq munshiy Qazviniy asarining yagona dastxat nusxasi ulug‘ musavvirning maqomi, saroy ustaxonasidagi rahbarlik davri va tarjimai holining asosiy sanalarini tiklash imkonini bergan.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA