To‘rt nafar mahkuma jazodan ozod etildi
Ko‘klamning ilk bayrami – Xalqaro xotin-qizlar bayrami shukuhi davom etayotgan shu kunlarda Andijon viloyati Marhamat tumanida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida bir guruh shaxslar belgilangan jazodan shartli ravishda ozod etildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Marhamat tumani sudi sudyasi Zarifjon Rahimov raisligida Uzumzor mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida probatsiya bo‘limida jazo o‘tayotgan va xatolaridan xulosa chiqarib, to‘g‘ri yo‘lni tanlashga ahd qilgan to‘rt nafar ayolga xotin-qizlar bayrami munosabati bilan yengillik berildi.
Mahkumalar N.X., R.K., M.Q. va O.S. jazoni o‘tash davomida belgilangan tartib-intizomga qat’iy rioya etib kelayotgani uchun jazodan shartli ravishda ozod etildi. Ular ayollarga e’tibor, qonunlarimizdagi kechirimlilik va insonparvarlik tamoyili asosida belgilangan jazodan muddatidan avval ozod etilganliklari uchun minnatdorlik izhor etdi.
Sayyor sud doirasida faollar, aholi vakillari ishtirokida fuqarolarning huquqiy bilim va madaniyatini oshirishga qaratilgan uchrashuv tashkil etildi. Qatnashchilarni qiziqtirgan savollarga tushuntirishlar berildi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA