To‘qsonbosti usuli xalqimizni boy qiladi
Kuzda yerga ekilib, bir qor ko‘rgan sabzavot urug‘lari erta bahorda ilk hosilni beradi. Shunday mahsulotlar mavsum boshida bozorlarda katta talabga ega bo‘lib, el dasturxonining to‘kinligiga xizmat qiladi. Xalq orasida “To‘qsonbosti” nomi bilan mashhur bo‘lgan bu usul hozirda Toshkent viloyatida keng qo‘llanilmoqda.
Viloyatning har bir hududi o‘z imkoniyatlari va sharoitlariga asoslanib, sabzavotchilikda katta tajriba to‘plagan. Kelgusi yil bahorida ichki bozorlarda narx-navoni barqaror saqlash, ertaki eksportbop sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport salohiyatini oshirish maqsadida 35 ming 554 gektar bog‘-qator oralariga to‘qsonbosti usulidagi ekinlar ekish rejalashtirilgan.


Bo‘ka tumanida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi hamda viloyat va tuman hokimligi, Fermerlar kengashi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarda ushbu vazifalarga alohida e’tibor qaratildi. Hudud fermerlari va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari mavsumda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar haqida atroflicha ma’lumot oldi.
Seminarda bog‘-qator oralari, dala chetlari va yirik yo‘l bo‘yidagi ochiq maydonlarda sabzavot va ko‘katlarni ekishdan, yetishtirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar muhokama qilindi. Ayniqsa, mahsulotlarning xaridi va savdosi masalasi bo‘yicha kooperatsiyalarni tashkil etish va hosilni karantin inspektorlari nazoratida parvarishlab, davlat va tashqi bozor talablariga mos holda eksport qilishga alohida e’tibor qaratildi.


Toshkent viloyati fermerlar kengashi raisi Shuhrat Do‘sbekov, O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarma boshlig‘i Furqat Muhayminov hamda mutaxassislar hududning tuproq-iqlim sharoitini inobatga olgan holda bog‘-qator oralariga sabzavot ekinlarini turlar bo‘yicha ekish va parvarishlash borasida tajriba almashish hamda qo‘llanma ko‘rsatmalar berish muhimligini ta’kidladi.
Viloyatda hozirdanoq mavsumga tayyorgarlik ko‘rib, bozor talablariga javob bera oladigan mahsulotlar yetishtirish yo‘lida izchil harakat qilinmoqda.


A.Musayev, O‘zA muxbiri