Toomas Tirs: O‘zbekiston – sharq marvaridi!
Estoniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Toomas Tirs mamlakatimiz tashqi ishlar vaziriga ishonch yorlig‘ini topshirish marosimidan so‘ng O‘zA muxbiriga ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida ko‘zda tutilayotgan sa’y-harakatlar xususida qisqacha so‘zlab berdi.
– Men bugun Estoniyaning O‘zbekistondagi elchisi sifatida ishonch yorlig‘ini mamlakat tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov janoblariga topshirish sharafiga muyassar bo‘lganimdan behad mamnunman.
Maqsadim – Estoniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama manfaatli aloqani yanada mustahkamlashga hissa qo‘shish. bugungi kunda o‘zaro munosabatlarimiz ufqida ulkan salohiyat mavjudligi yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi. Zero, biz O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal rivojlanib borayotganini ko‘ryapmiz. Eng asosiysi, mamlakat Markaziy Osiyoda o‘zining zalvorli o‘rniga ega. Shu ma’noda hamkorligimiz kelajagi porloq ekanligiga shubha yo‘q.
Sheriklik uchun taklif etiladigan yo‘nalishlar ko‘p. An’anaviy sanalgan transport, logistika sohalari bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari almashish har ikki tomon uchun birdek foydali. Bundan tashqari, zamonaviy, yangi tarmoqlar, ya’ni raqamlashtirish, digitalizatsiya, davlat boshqaruviga elektron hukumat tizimini joriy etish borasida Estoniya yaxshigina tajriba to‘plagan.
Ushbu yo‘nalishlar bizda bundan 20 yil oldin rivojlana boshlagan. O‘zbekiston esa bu boradagi ilg‘or xorijiy tajribani o‘zlashtirish va joriy etishga jadallik bilan kirishgan. Respublika bu borada juda kuchli va mintaqada yetakchilardan biri. Niyatim – faoliyatim davrida ikki davlat biznes tuzilmalari, tadbirkorlari delegatsiyalarining ikki tomonlama tashrifi muntazamlik kasb etsin. Biz esa buning uchun qulay imkoniyat yaratishga harakat qilamiz. Qisqasi, kelajakka katta umid bilan boqyapmiz.
Albatta, turizm sohasi ikki tomon uchun ham hamkorlikning eng muhim sohalaridan biridir. O‘zbekistonni sharq marvaridi sifatida yaxshi bilamiz. Bu diyorda yuzlab tarixiy yodgorliklar, dunyo ahlini lol etgan me’morchilik durdonalari mavjud. Biz esa sayyohlarga dengiz, toza havo va boshqa turli shifobaxsh tabiiy ma’danlarni taklif etamiz. Xullas, o‘zbekistonliklarni Estoniyada kutib qolamiz.
G‘ayrat XONNAZAROV, yozib oldi.