“Tongni kulib qarshi ol!” spektakli Diyora Keldiyorovaning matonatidan so‘zlaydi
Vatanimiz dovrug‘ini dunyoga taratayotgan mard va shijoatli sportchilarimizni bugunning qahramonlari, desa bo‘ladi. Taniqli dramaturg Qo‘chqor Norqobilning “Tongni kulib qarshi ol!” (“Yalovbardor” ) dramasi xalqimizning ana shunday qahramon qizi, mashhur dzyudochi qiz Diyora Keldiyorova haqida hikoya qilishi bilan diqqatga sazovordir.
Ushbu spektakl O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini amalga oshirish asosida davlat buyurtmasiga binoan yaratildi.
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi hamda Sport vazirligi mutasaddilari, Badiiy Kengash ekspertlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ushbu asarda zamon qahramoni obrazi hayotiy ziddiyatlar silsilasida ta’sirchan tarzda sahnaga olib chiqilgan.

Mazkur asar Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri bosh rejissyori , iste’dodli ijodkor Doston Haqberdiyev tomonidan sahnalashtirildi. Sahna asariga taniqli bastakor Oydin Abdullayeva tomonidan kuy bastalandi. Rassom — Jamoliddin Rahimov.
Sahna asarida irodali va qat’iyatli o‘zbek qizi Diyora Keldiyorovaning bolalik chog‘idan to Olimpiada shohsupasigacha bo‘lgan ibratli hayoti tasvirlanadi. O‘z orzu-umidlari ushalishi yo‘lida har qanday mashaqqatga dosh bera olgan matonatli zamondoshimiz obrazi ko‘plab yoshlarimizga o‘rnak bo‘ladi, ularni o‘z maqsadlari sari dadil harakat qilishga undaydi.
Asarda oddiygina qishloqda o‘sib-ulg‘aygan o‘zbek qizining o‘z orzusiga yetishish yo‘lidagi qat’iy intilishi va kurashi hayotiy voqealar orqali ta’sirchan ifodalangan.

Ushbu sahna asari bugungi kunda yoshlarimiz, ayniqsa, poytaxtdan olis hududlarda yashayotgan qizlarimiz qalbida ishonch va shijoat uyg‘otishi shubhasiz. Ular mazkur spektakl tomoshasidan keyin, albatta, o‘z yashash tarziga jiddiy nazar soladi. Inson hayotida vaqtning qadri nechog‘lik bebaho ekanligi, qahramonlik va shon-shuhrat shunchaki osmondan tushmasligini his qiladi.
O‘z maqsadi sari dadil intilgan Diyoraning hayoti millionlab yoshlarga o‘rnak bo‘lishi bilan birga, har bir o‘zbek o‘g‘il-qizi yuragida “men ham shunday ulkan natijalarga erishishga qodirman”, degan yuksak tuyg‘uni shakllantiradi.
Asarda Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlar kelajagi va yorug‘ ertasi uchun amalga oshirilayotgan ulug‘vor islohotlar samarasi keng miqyosda talqin qilingan. Ushbu sahna asarida xalqimizga xos mehr - oqibat, kamtarlik va mardlik tushunchalari ham o‘zining ta’sirchan ifodasini topgan.
Spektaklda o‘zbek sportining dovrug‘i va yutuqlari, o‘zbek yoshlarining mislsiz kuch-qudrati, Yangi O‘zbekistonning bugungi qiyofasi Diyora Keldiyorova timsolida ham mahorat bilan tasvirlab berilgan.
Spektaklda O‘zbekiston xalq artisti Naima Po‘latova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Turg‘un Beknazarov, Gulchehra Nosirova, Aleksandr Bekjonov kabi sahna ustalari hamda Otabek Haqberdiyev, Durdona Nosirova va Marjona Abdurahmonova o‘z rollarini mahorat bilan ijro etgan.
Asar nafaqat yoshlarimiz, balki xalqimizning barcha qatlami ko‘nglidan joy olib yurtga mehr va sadoqat ruhini kuchaytirishi shubhasiz.
N.Usmonova,
O‘zA