Tomorqadan toʻgʻri xorijga
Fargʻonada kaftdek tomorqa yeridan oqilona foydalanib yaxshi daromad olayotgan oilalar koʻp.
Fargʻonada kaftdek tomorqa yeridan oqilona foydalanib yaxshi daromad olayotgan oilalar koʻp.
Viloyatdagi ilgʻor tajribalarni ommalashtirish, tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashda Quva tumanidagi Tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazining alohida oʻrni bor. Markazda tomorqa yer egalarini sifatli urugʻ va koʻchatlar bilan taʼminlash, naslchilikni koʻpaytirish, intensiv bogʻlar yaratish, zamonaviy issiqxonalar qurish, tomchilatib sugʻorish, muqobil energiyalardan foydalanish, tomorqa yerlarda baliq boqish uchun hovuzlar tashkil etish boʻyicha ilmiy –tadqiqotlar, tomorqa egalari malaka va mahoratini oshirish bilan bogʻliq amaliy tajribalar olib borilmoqda, yangi tashabbuslar qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Issiqxonada gilos yetishtiriladi
Bu loyiha ertangi gilos yetishtirish hajmi va eksport miqdorini oshirish imkoniyatini beradi. Shu maqsadda markaz qoshida umumiy maydoni bir gektar boʻlgan intensiv gilos bogʻlari tashkil etildi. Turkiyadan pakana va yarim pakana “Melitopol” gilos navlari olib kelib ekildi. Mazkur navlar sifatli va yuqori hosil berish xususiyatlari bilan ajralib turadi. Qolaversa, issiqxonada gilos yetishtirilganda mevalar meʼyoridan 20-25 kun oldin pishib yetiladi, turli zararli hashorat, noqulay ob-havo injiqliklaridan ishonchli himoyalanadi.
Mutaxassislar fikricha, bir gektar maydondagi oddiy gilos bogʻlariga 500 tup koʻchat ekish tavsiya qilinadi. Intensiv usuldagi bogʻlarda 2500 tup gilos koʻchatlari parvarishlanadi. Bu bir gektar maydonda 20 tonnagacha hosil olish imkoniyatini beradi. Nihollar tomchilatib sugʻoriladi. Natijada sifatli va bozorgir mahsulot yetishtirish bilan bogʻliq xarajatlar miqdori kamayadi.
Sara gullar eksporti
Quva tumani tomorqa yer egalari tomonidan yetishtirilgan turfa atirgullar eksport qilinadi. Shu maqasadda markaz qoshida 10 gektar maydonda gulchilik yoʻnalishida “Quva sara gullari” kooperativi tashkil etildi. Bu yerda 50 nafar kambagʻal, ishsiz fuqarolarga 20 sotixdan ekin maydonlari ajratib berildi. Ular atirgul onalik koʻchatlari, atirgul gʻunchalarini parvarishlash, issiqxonalar tashkil etish va ochiq maydonlarda atirgul koʻchatlarini yetishtirib beradi. Mahsulot shu yerning oʻzida sotib olinadi. Shuningdek, agroturizm xizmatini tashkil etish, atirgul yaproqlaridan murabbo ishlab chiqarish singari ishlar yoʻlga qoʻyiladi.
– Kelgusi yilda bir million dona atirgul yetishtiriladi, – deydi Tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazi direktori Zafarjon Mamasoliyev. – Bundan tashqari, Quva tumanidagi 4472 ta xonadon egalari ixtiyoridagi 223 gektar tomorqalarda ham atirgul parvarishlanadi. Bu bir mavsumning oʻzida 18 million donadan ortiq atirgul va koʻchatlar yetishtirish hamda eksportini amalga oshirish imkoniyatini beradi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, gulchilik yoʻnalishida 400 million AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilinadi.
Qurilma bashorat qiladi
Bogʻdorchilik va dehqonchilik amallarini bajarishda ekin maydonlari xususiyatlaridan kelib chiqib nihol oʻtkazish, ekinlarga ishlov berish, zararli hashoratlarga qarshi kurashish, ob-havo haqidagi maʼlumotlarni oldindan bilish muhim. Shu maqsadda “Agrometeorologik” stansiya ishga tushirildi. Bu qurilma havo harorati va namligi, yogʻingarchilik miqdori, quyosh radiatsiyasi, shamol tezligi, tuproq, barglar va atmosfera namligi, shamol yoʻnalishlarini aniqlab yigʻilgan maʼlumotlarni internet orqali kompyuter markaziga yuboradi. Qabul qilib olingan maʼlumotlar maxsus dastur orqali qayta ishlanib oʻsimliklarning kasalliklari va zararkunandalarini koʻpayishi ehtimoli boʻyicha bashoratni oʻrganadi va ularga qarshi kurash va profilaktika chora-tadbirlari boʻyicha tavsiyalar beradi. Bu tavsiyalar telefon SMS yoki telefon ilovalari orqali mijozlarga yetkazib beriladi. Dunyo dehqonchilik tajribasida keng qoʻllanilib kelinayotgan bu loyiha tomorqa yer egalari, fermer xoʻjaliklari bilan masofadan turib hamkorlik qilish amallarida qoʻl keladi.
“Invitro”– payvandlashning yangi usuli
Bu laboratoriya usulida koʻchat yetishtirish iqtisodiy samardorlikni taʼminlash bilan birga, koʻchatlar turi aniq va ishonchli boʻlishida katta ahamiyatga ega.
– Yangi laboratoriya sharoitida bir dona kurtakdan ming donagacha sifatli koʻchat olish imkoniyati bor, – deydi bosh agronom Murodjon Teshaboyev. – Qolaversa, nihollar tez va ishonchli rivojlanadi, kutilgan nav va hosil olish imkoniyatini beradi. Avvallari bu boradagi ishlarni amalga oshirish uchun maxsus maydonlarga urugʻ ekilgan, unib chiqqan nihollar ikkinchi yilda payvandlangan. Yangi usulda koʻchat yetishtirish bu boradagi ortiqcha ovoragarchilik, xarajatlarni keskin kamaytiradi. Bu yerda bir yilda 25 million dona koʻchat yetishtiriladi.
Tomorqa egalari oʻqitiladi
Markazda tomorqa yer egalari fermer, dehqon xoʻjaliklari malakasini oshirish maqsadida oʻquv kurslari tashkil etildi. Shu kunga qadar 1200 nafardan ortiq fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari 32 soatlik oʻquv mashgʻulotlarida malaka va mahoratini oshirdi. Bu yerda tinglovchilarning nazariy va amaliy bilimlarini oshirish, yangi ish tajribalarini hayotga tatbiq etish bilan bogʻliq sharoitlar yaratildi.
– Davlatimiz rahbarining yaqinda qabul qilingan qarorida bu boradagi ishlarni tizimli tashkil etish bilan bogʻliq vazifalarga alohida eʼtibor qaratildi, –deydi oʻquv boʻlimi boshligʻi Muxtorjon Oʻrinboyev. – Shu maqsadda 100 oʻrinli oʻquv binosi, 60 oʻrin joyga ega boʻlgan yotoqxona taʼmirdan chiqarildi, yangi oshxona qurildi. Yangi texnika va mexanizmlar xarid qilindi, tomorqada chorvachilikdan ham daromad olishni oʻrgatish maqsadida chorvachilik majmuasi qurildi.
Tomorqachilik – oilalarning daromad manbai boʻlib, undan samarali foydalanish yana-da muhim. Tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash borasida boshlangan saʼy-harakatlar zamirida ham farovonlikni taʼminlashdek ezgu maqsad mujassam.