Tomorqada besh tup kannabis borligi aniqlandi
Giyohvandlik — bir insonning emas, butun jamiyatning kelajagiga tahdid soladigan illat. Uning ildiz otishiga yo‘l qo‘ymaslik, ayniqsa, yoshlar ongi va salomatligini zararli ta’sirdan asrash, noqonuniy giyohvandlik vositalari aylanmasiga qarshi murosasiz kurashish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir.
Mamlakatimizda davlat rahbari tashabbusi bilan jamiyatda sog‘lom va ma’naviy barqaror muhitni mustahkamlash, yoshlarni turli zararli illatlardan himoya qilish, giyohvandlikning oldini olish va uning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish borasida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning hamkorligi, profilaktik ishlar va tezkor tadbirlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ana shunday chora-tadbirlar doirasida Buxoro viloyatining Romitan tumanida ham navbatdagi tezkor-reyd o‘tkazilib, noqonuniy ravishda parvarishlanayotgan giyohvandlik o‘simliklari aniqlandi.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi hamda viloyat IIB Idoraviy hamkorlik boshqarmasi xodimlari tomonidan “Qora dori-2026” tezkor tadbiri doirasida Romitan tumani hududida tezkor-reyd tadbiri tashkil etildi.
Tadbir davomida hududda yashovchi fuqarolardan birining tomorqasida noqonuniy ravishda kannabis giyohvandlik o‘simligini parvarishlab kelayotgani aniqlandi. O‘tkazilgan tadbir natijasida tomorqadan 5 tup kannabis o‘simligi borligi ma’lum bo‘ldi.
Bir qarashda oddiy tomorqadagi o‘simlikdek ko‘rinishi mumkin bo‘lgan bu holatning ortida esa jamiyat salomatligi va xavfsizligiga jiddiy tahdid soluvchi illatning noqonuniy ravishda tarqalishiga urinish yotishi mumkin. Shu bois huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan bunday holatlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Giyohvandlik vositalari va giyohvandlik o‘simliklarini noqonuniy ravishda yetishtirish nafaqat qonun talablarini buzish, balki inson salomatligi va jamiyat xavfsizligiga tahdid soluvchi omillardan biri hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan, “Qora dori-2026” kabi tezkor tadbirlarning ahamiyati nihoyatda katta. Bunday tadbirlar davomida noqonuniy faoliyat bilan bog‘liq holatlar aniqlanib, ularga huquqiy baho berish uchun zarur choralar ko‘rilmoqda. Romitan tumanida aniqlangan mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Holatga qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baho beriladi. Eng muhimi, bu kabi tadbirlar giyohvandlikning ildiz otishiga yo‘l qo‘ymaslik, uning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish va aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga xizmat qiladi.
Zero, giyohvandlikka qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir. Bir tomorqada aniqlangan besh tup noqonuniy o‘simlik ham e’tiborsiz qoldirilmasligi kerak. Chunki katta xavf ko‘pincha aynan kichik va yashirin holatlardan boshlanadi. Bugungi tezkor tadbir esa bir haqiqatni yana bir bor ko‘rsatdi: jamiyat xavfsizligiga tahdid soluvchi har qanday illatga qarshi kurashda hushyorlik, hamkorlik va murosasizlik — eng kuchli vositadir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri