Tomorqachilar uchun o‘quv kurslari
Agrar tarmoq mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi sohalaridan biri bo‘lib, uni yanada rivojlantirish va samaradorligini oshirish kun tartibidagi muhim vazifalardan sanaladi. Zero, davlatimiz taraqqiyoti, xalqimiz turmush farovonligi, dasturxonimiz fayzi bevosita shu soha rivoji bilan bog‘liq.
Prezidentimizning 2021 yilning 16-dekabrida qabul qilingan “Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hududlarda yerdan samarali foydalanishda qo‘l kelmoqda.
Har qarich yerdan unumli foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi har bir viloyatda mahallalar kesimida o‘quv kurslari tashkil etmoqda.
Jizzax viloyatida 299 mahalla mavjud bo‘lib, o‘tgan davrda ularning 115 tasida tomorqa yer egalarining qishloq xo‘jaligi ekinlarini parvarishlashi bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etilmoqda.
Unda tomorqa yer egalari va kooperatsiyalarni mahsulot ishlab chiqarishning yangi texnologiyalariga o‘rgatish, kooperatsiya a’zolarining yerlarida agrotexnik tadbirlar monitoringini o‘tkazish, ishlab chiqariladigan mahsulotlarning tashqi bozorlarda marketing tadqiqotlarini o‘tkazish keng tahlil qilinmoqda. Shuningdek, usta dehqonlar tomorqadan samarali foydalanish va yiliga 3 marta hosil olish bo‘yicha maslahatlar berishmoqda.
– Misol uchun, Arnasoy tumanining 13 ta mahallasida qisqa muddatli o‘quv kurslari o‘tkazildi, –deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bo‘lim boshlig‘i M.Muhammadiyev. – Unda tuman kengashining mutaxassislari, usta dehqonlar, “Tomorqa xizmati” MCHJ korxonalari, yirik eksportyor korxonalari rahbarlari, hokim yordamchilari keng qamrovli tushuntirishlar olib bormoqda.
O‘quv kurslari davomida tashkilotchilar aholini kambag‘allikdan bosqichma-bosqich chiqarish, “Bir mahalla bir mahsulot” tamoyili asosida tomorqalarda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini “Tomorqa xizmati” MCHJlar tomonidan tashqi bozorlarga yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish borasida tushuntirish va tavsiyalar berilmoqda.
Shuningdek, mazkur o‘quv kurslarida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi, Agrar sohada innovatsiyalar va texnologiyalar, tuproq unumdorligi, muammolar va ularning sifatini yaxshilash chora-tadbirlari, suvdan samarali foydalanish texnologiyalari, dehqonchilikda zararkunandalar va kasalliklarga qarshi kurashish usullari hamda boshqa dolzarb mavzularda ta’lim berilmoqda.
Tomorqa egalari o‘rtasida tajriba almashish va bu kabi qisqa muddatli o‘quv kurslari yil davomida o‘tkaziladi.
O‘zA