Tomorqa yer egalari qo‘llab-quvatlanmoqda
Tomorqachilik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 apreldagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzurida jamg‘arma tashkil etildi.
bugungi kunda Jamg‘arma tomonidan fermer, dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalari, “Tomorqa xizmati” MCHJ, qishloq xo‘jaligi kooperativlari moliyaviy qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bundan tashqari, kredit resurslaridan foydalanishni kengaytirish, sohada innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, yangi turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni rag‘batlantirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligida yangi samarali texnologiyalarni joriy qilishga ham ko‘maklashilmoqda.
Shuningdek, Jamg‘arma qishloq xo‘jaligi faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi davlat, tarmoq va hududiy dasturlarni, loyihalar hamda tadbirlarni amalga oshirishda ham ishtirok etayotir. Jamg‘arma tomonidan o‘tgan 4 yil davomida 46 mingdan ortiq tomorqa yer egalari va tadbirkorlar jami 1 trillion 231 milliard so‘mdan ortiq moliyaviy qo‘llab-quvvatlangan bo‘lsa, birgina joriy yilning dastlabki 9 oyida 14 ming 800 dan ortiq tashabbuskorlarga 459 milliard so‘m mablag‘ imtiyozli kredit sifatida ajratilgan.
Tomorqa yer egalariga ajratilgan mablag‘lar evaziga 4546 ta xonadonda jami 81,6 gektar maydonda issiqxona tashkil etildi, 6448 ta xonadonda 62800 dan ortiq zotdor qo‘y, yana 1174 ta xonadonda esa 3804 ta qoramol, 2200 ta xonadonda 425 mingdan ortiq zotdor parranda, 620 ta xonadonda 11200 dan ortiq asalari uyalari, 212 ta xonadonda 10,9 ming dan ortiq quyon, 415 ta fuqaro tomonidan salkam 700 ta motokultivator sotib olingan.
Shuningdek, 865 nafar tomorqa yer egasi tomonidan 19,5 milliard so‘mlik ko‘chat va urug‘lar sotib olingan bo‘lsa, 145 nafar tomorqa yer egasi bog‘ va tokzor tashkil etish uchun 3,6 milliard so‘mlik kredit olgan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilda jami 14 mingdan ortiq yangi doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratilgan.
Maqsadimiz, yurtimizda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini moddiy qo‘llab-quvvatlash va bu orqali xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rag‘batlantirishdir.
Ma’rufjon O‘rozov,
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bosh mutaxassisi.
O‘zA