Tomorqa — to‘kinchilik, daromad manbai
Oqoltin tumanida aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish hamda xonadonlar iqtisodiy faolligini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar Prezident tomonidan ilgari surilgan “Sayxunobod tajribasi” asosida yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ushbu yondashuv tomorqachilikni oddiy ro‘zg‘or ehtiyoji emas, balki barqaror daromad manbaiga aylantirishga qaratilgan samarali tizim sifatida baholanmoqda.
Hududda jami 6 314 ta tomorqa xo‘jaligi mavjud bo‘lib, ularga tegishli yer maydoni 583,3 gektarni tashkil etadi. Shundan 5 382 ta xonadonda 518 gektar maydonga bahorgi ekinlar ekilgan bo‘lib, o‘zlashtirish darajasi 88,8 foizga yetgan.

Shuningdek, dehqon xo‘jaliklarida “bir kontur — bir mahsulot” tamoyili izchil joriy etilgani ham ijobiy natija sifatida e’tirof etilmoqda. Bu yondashuv yer maydonlaridan samarali foydalanish, mahsulot sifatini oshirish hamda bozor talabiga mos yetishtirish imkonini bermoqda.
– Davlat rahbari ta’kidlaganidek, har bir xonadon ixtiyoridagi yer maydoni — bu qo‘shimcha resurs, yangi ish o‘rni va real daromad manbai hisoblanadi, – deydi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Homidjonov. – Shu nuqtai nazardan, tomorqalardan to‘liq va oqilona foydalanish orqali aholi bandligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish hamda oilalar farovonligini yuksaltirish ustuvor vazifalardan biriga aylangan. “Sayxunobod tajribasi” esa aynan ushbu maqsadlarni hayotga tatbiq etishga xizmat qilayotgan amaliyot sifatida maydonga chiqmoqda.

Mazkur tizimning eng muhim jihati — tomorqachilikni tartibli va daromadli iqtisodiy faoliyatga aylantirishdir. Endilikda yerlardan faqat oila ehtiyoji uchun emas, balki bozorbop, serdaromad va raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu orqali ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ulushini kengaytirish hamda aholi daromadlarini oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Tizimning yana bir muhim jihati shundaki, mahalla darajasida aniq va biriktirilgan hamkorlik mexanizmi yo‘lga qo‘yilmoqda. Banklar, hokim yordamchilari va mutasaddi tashkilotlar tomorqa egalari bilan yaqin hamkorlik qilib, ularga urug‘lik, agrotexnik bilimlar, issiqxona tashkil etish hamda mahsulotni bozorga chiqarish borasida amaliy ko‘mak ko‘rsatmoqda. Bu esa tomorqachilikni stixiyali jarayondan tizimli va rejali faoliyatga aylantirmoqda.

– Ayniqsa, “bir kontur — bir mahsulot” tamoyilining joriy etilishi yer resurslaridan samarali foydalanishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu yondashuv orqali muayyan hududlarda ixtisoslashuv shakllanib, hosildorlikni oshirish, mahsulot sifati va bozor barqarorligini ta’minlash imkoniyati kengaymoqda, – deydi Muzaffar Homidjonov.

Oqoltin tumanida ham “Sayxunobod tajribasi” asosida tomorqalardan samarali foydalanish, ekin turlarini diversifikatsiya qilish hamda serdaromad mahsulotlar ulushini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada xonadonlarda nafaqat oziq-ovqat xavfsizligi mustahkamlanmoqda, balki aholi daromadlarining barqaror o‘sishiga ham erishilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri