Tomonlarning istiqbolli hamkorligi rivojlanadi
Poytaxtimizda O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi davlat unitar korxonasi rahbariyati va “SAMSUNG Electronics CO. LTD” vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi rahbari Ulug‘bek Shokirov va “SAMSUNG Electronics CO. LTD” korporatsiyasining telekommunikatsiya bo‘limi biznes menejeri Kim Eun Woo o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasiga mobil qurilmalarni rasmiy ravishda olib kirish va ularning hisobini yuritish bo‘yicha ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, sertifikatsiz tovarlar yetkazib berishni aniqlash va oldini olish uchun tomonlarning istiqbolli hamkorligini rivojlantirish, mobil qurilmalarni yetkazib berish hajmi bo‘yicha statistik ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish lozimligi belgilab olindi.
Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilari “SAMSUNG Electronics CO. LTD” kompaniyasining rasmiy dilerlik shoxobchalari sonini oshirishga kelishib olishdi.
Yig‘ilish so‘ngida tomonlar samarali hamkorlikni mamnuniyat bilan qayd etdilar. Ikki taraflama va mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlash tarafdori ekanliklarini ta’kidlab o‘tishdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA