Tomchilatib sug‘orish — barqaror hosil garovi
Bugungi kunda Jizzax viloyatida qishloq xo‘jaligini zamonaviy asosda rivojlantirish, ayniqsa suv tanqisligi sharoitida yuqori samaradorlikka erishish ustuvor vazifalardan biriga aylangan.
Shu ma’noda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarining keng joriy etilishi hudud agrar sohasida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab bermoqda.
So‘nggi yillarda viloyatda bog‘dorchilik va uzumchilik yo‘nalishlari jadal rivojlanmoqda. 2019–2025 yillar oralig‘ida meva bog‘lari va tokzorlar maydoni 46 ming gektarga yetkazilgani Jizzaxning agrar salohiyati tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Bunday kengayish nafaqat ekin maydonlarining ko‘payishi, balki ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish bilan ham chambarchas bog‘liq.

Suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida viloyat bo‘yicha 12 ming gektardan ortiq bog‘ va uzumzorlarda tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur usul an’anaviy sug‘orish bilan solishtirilganda suv sarfini keskin kamaytirishi, tuproq namligini barqaror saqlashi va o‘simliklarning oziqlanish jarayonini optimallashtirishi bilan ajralib turadi. Natijada hosildorlik oshib, fermer va bog‘bonlar uchun iqtisodiy samaradorlik ta’minlanmoqda.
Ayniqsa, tog‘ va tog‘oldi hududlarida joylashgan Yangiobod, Zomin, G‘allaorol, Baxmal, Forish hamda Sharof Rashidov tumanlarida mazkur texnologiyaga talab yuqori. Hozirda bu hududlarda 29,3 ming gektar bog‘ va 16,7 ming gektar uzumzor mavjud bo‘lib, suvni tejovchi sug‘orish usullari ushbu yerlarda barqaror hosil olishning muhim omiliga aylanmoqda.
2025 yil davomida viloyatda yana 2413 gektar maydonda sanoatlashgan intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etilgani e’tiborga molik. Ushbu bog‘lar zamonaviy agrotexnika, seleksiya va sug‘orish tizimlari asosida tashkil etilib, eksportbop mahsulot yetishtirish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Jizzax viloyatida tomchilatib sug‘orish texnologiyalarining keng joriy etilishi suv resurslarini tejash, hosildorlikni oshirish va qishloq xo‘jaligida barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qilayotir. Bu jarayon nafaqat bugungi natijalar, balki kelajakda viloyat agrar tarmog‘ining raqobatbardoshligini oshirish uchun ham mustahkam zamin yaratishi shubhasiz.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri