Tomas Mayer: Yevropadagi inflyatsiya yevroni yo‘q qiladi
Yevropa Ittifoqida uzoq muddatli inflyatsiya bo‘lishi kutilayotgani, bu esa yevroni yo‘q qilishga qodirligini Germaniyaning “Deutsche Wirtschafts Nachrichten” nashriga bergan intervyusida “Deutsche Bank” sobiq bosh iqtisodchisi Tomas Mayer ma’lum qildi. Bu haqda “RT” xabar berdi.
Iqtisodchining fikricha, Yevropa valyutasi tobora beqarorlashib bormoqda. Shu bilan birga, Yevropa markaziy banki vaziyatga ta’sir qilish uchun hech narsa qilmayapti, faqat banknotlarni chop etishda davom etmoqda.
Tomas Mayerning fikricha, YeI mamlakatlaridagi inflyatsiya nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy va ijtimoiy oqibatlarga olib keladi.
Avvalroq, mart oyida yevrohududda inflyatsiya 7,5 foizga yetib, tarixiy rekordni yangilagani xabar qilingandi.
“Euronews” xabar berishicha, bu holat fuqarolarning katta noroziligiga sabab bo‘lgan. Namoyishlar to‘lqini Yevropaning bir qator davlatlarini qamrab olgan va ekspertlarning fikricha, yaqin kelajakda pasayishi dargumon.