"Tömaris izdoşlari": harbiy xotin-qizlardan mahorat va vatanparvarlik namoyişi
Bugungi kunda özbek ayoli nafaqat oila çiroği va jamiyat körki, balki Vatan himoyasidek muqaddas va masʼuliyatli burçni erkaklar bilan yelkama-yelka turib ado etayotgan jasorat timsolidir. Buning yorqin isboti sifatida Oila va xotin-qizlar qömitasi taşabbusi bilan yurtimizda ilk bor “Vatan mehri yuragimda” şiori ostida “Tömaris izdoşlari” Respublika körik-tanlovi bölib ötdi.
Mamlakatimizning turli kuç va huquq-tartibot tuzilmalarida xizmat qilayotgan şijoatli xotin-qizlarni bir davraga jamlagan uşbu yirik tadbir, nafaqat ularning kasbiy mahoratini, balki qalblaridagi çeksiz vatanparvarlik tuyğusini ham namoyiş etdi.
[gallery-32312]
Harbiy xizmatçi xotin-qizlarning jamiyat va Qurolli Kuçlar tizimidagi mavqeini yanada yuksaltiriş, ularning kasbiy va jismoniy tayyorgarligini takomillaştiriş, maʼnaviy-intellektual salohiyatini rivojlantiriş, özaro tajriba almaşiş hamda soğlom raqobat muhitini şakllantiriş maqsadida taşkil etilgan tadbirda Mudofaa vazirligi, Içki işlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Prezident davlat xavfsizlik xizmati, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya va Bojxona qömitasi tizimida xizmat qilayotgan xotin-qizlardan tuzilgan 7 ta jamoa özaro kuç sinaşdi.
Uçraşuv dasturi özaro mazmunan boğliq bölgan 7 ta şartni qamrab oldi. Xususan, “Taniştiruv”, “Zakovat” intellektual bilimlar bellaşuvi, “Otiş tayyorgarligi”, “Harbiy tayyorgarlik”, “Jismoniy tayyorgarlik”, “Epçil, tejamkor va orasta beka” hamda “Isteʼdod va mahorat” şartlari orqali iştirokçilarning bilim va könikmalari baholandi.
Uşbu şartlarda harbiy xizmatçilarning amaliy könikmalari, tezkorligi, çidamliligi, jangovar tayyorgarlik darajasi hamda jamoa bölib harakat qiliş mahorati sinovdan ötkazildi. Ikki kun davomida bölib ötgan tadbirning birinçi kunida “Epçil, tejamkor va orasta beka” şartida jamoalar milliy taom tayyorlaş böyiça ham öz mahoratlarini körsatdi. Uşbu yönaliş iştirokçilarning kundalik hayotdagi amaliy könikmalari, milliy anʼana va qadriyatlarga munosabatini namoyon etişga qaratildi.
Tadbirning ikkinçi kunida dastlab “Zakovat” intellektual bilimlar bellaşuvi ötkazildi. Unda jamoalar mantiqiy fikrlaş, bilimdonlik, tezkor tahlil qiliş va hamjihatlik asosida töğri xulosaga keliş böyiça özaro raqobatlaşdi. Nizomga köra, iştirokçilarga uç tur davomida jami 36 ta savol taqdim etildi. “Isteʼdod va mahorat” şartida esa harbiy xizmatçi xotin-qizlar özlarining ijodiy qirralarini oçib berdi.
Qöşiqçilik, raqs, sahna körinişlari, şeʼriyat va boşqa ijodiy yönalişlardagi çiqişlar orqali ularning sanʼatga oşnoligi, milliy madaniyatga hurmati va badiiy mahorati namoyon böldi.
Har bir yönalişda yuqori natija qayd etgan jamoalar aniqlanib, 7 ta nominatsiya böyiça ğoliblar taqdirlandi.
“Tömaris izdoşlari” tadbiri harbiy xizmatçi xotin-qizlar uçun öz salohiyatini namoyon etiş bilan bir qatorda, turli kuç tuzilmalari örtasida kasbiy tajriba almaşiş, özaro hamkorlikni mustahkamlaş hamda yangi taşabbuslarga zamin yaratiş imkoniyatini berdi.
Gulnoza Boboyeva,
Otabek Mirsagatov (surat),
ÖzA