To‘lanmagan qarzdorlik undirib berildi
Biznes-ombudsman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi mustaqil tashkilot bo‘lib, uning asosiy maqsadi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish, ularga davlat organlari tomonidan adolatli va teng munosabatda bo‘lishni ta’minlash, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay muhit yaratishdan iborat.
Shunga ko‘ra, Biznes-ombudsmanga Navoiy viloyatida faoliyat yurituvchi “Matonat” MCHJ (nomi o‘zgartirilgan) rahbari “Navoiy yoʼl koʼkalam” davlat unitar korxonasi tomonidan shartnoma shartlari bajarilmayotganidan norozi bo‘lib murojaat qildi.
Aniqlanishicha, 2022 yil 25 sentyabrda “Matonat” MCHJ hamda “Navoiy yoʼl koʼkalam” davlat unitar korxonasi o‘rtasida texnik xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzilgan.
Unga ko‘ra, tadbirkor tomonidan shartnomaga muvofiq belgilangan tartibda avtotransport ehtiyot qismlari yetkazib berilgan va ushbu ehtiyot qismlar yordamida texnikalar ta’mirlab berilgan.
Shunga qaramay, korxona tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlar amalga oshirilmagan. Shundan so‘ng tadbirkorning Biznes-ombudsmanga murojaat qilishiga to‘g‘ri kelgan.
Mazkur murojaat asosida Biznes-ombudsman tomonidan Karmana tumanlararo iqtisodiy sudiga jamiyat manfaatini ko‘zlab da’vo arizasi kiritildi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA