Tokio O‘zbekiston yoshlarini yangi g‘alabalar sari chorlamoqda
XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston sport delegatsiyasi Tokioga yo‘l oldi.
Bugun, 19 iyul kuni Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida 23 iyul – 8 avgust kunlari Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan 4 yillikning nufuzli musobaqalarida Vatanimiz sharafini himoya qilishga yo‘l olayotgan O‘zbekiston Respublikasining sport delegatsiyasini kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga samarali tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha qaror va yig‘ilish bayonlari qabul qilingan edi. Shu asosda navbatdagi olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalarini qo‘lga kiritish uchun sportchilarimiz belgilangan dastur va rejalar asosida shug‘ullanishdi. Musobaqalar, saralash turnirlari, chempionatlarda ishtirok etib, mashaqqatli bahslarda biz uchun qadrli bo‘lgan olimpiya yo‘llanmalariga erishdi.
Dunyoda yuz bergan epidemiologik murakkab vaziyatga qaramasdan yurtimiz sportchilari bir yilga kechiktirilgan yozgi olimpiya o‘yinlarining yo‘llanmalarini qo‘lga kiritish uchun yaratib berilgan sharoitlardan unumli foydalandi. Tokio-2020 o‘yinlarida 71 nafar sportchimiz 17 ta sport turi bo‘yicha O‘zbekiston sharafini himoya qilishdek sharafli vazifani uddalashdi.
Aeroportda sportchilarni kunchiqar yurtga kuzatish marosimida ishtirok etgan hukumat a’zolari, keng jamoatchilik vakillari delegatsiyamiz a’zolariga O‘zbekiston sharafini ulug‘lashdek muqaddas vazifani sidqidildan uddalashiga tilak bildirdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ko‘rsatmalari asosida olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rayotgan sportchilar, ularning murabbiylari, oila a’zolariga har tomonlama ko‘mak berish, mashg‘ulotlar uzluksizligini ta’minlash uchun barcha qulayliklarni yaratish borasida amalga oshirilgan tizimli ishlar tufayli sportchilarimiz shu kungacha hali hech bir olimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritilmagan natija – yo‘llanmalar soni oshishiga va olimpiya sport turlari geografiyasi kengayishiga erishildi. Hattoki, o‘tgan yilgi karantin vaqtida ham sportchilarning uy sharoitida mashg‘ulotlarni uzluksiz olib borish tizimi yaratilib, ularning samarali o‘tkazilishi uchun davlat tomnidan moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilib borildi.
Sportchilarni kuzatish marosimida shuningdek, onlayn tarzda shu kunlarda Yaponiyada olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik mashg‘ulotlarini olib borayotgan boks, dzyudo, taekvondo va akademik eshkak eshish sport turi vakillari, Ukrainada mashg‘ulot o‘tkazayotgan og‘ir atletikachilar va Tokioda o‘z faoliyatini boshlagan O‘zbekiston olimpiya shtabi vakillari ham qatnashdi. Ular Tokio maydonlarida kechadigan shiddatli bahslar, kurashlar, bellashuvlarda erishiladigan yutuq va g‘alabalar sportchilarimizning davlatimiz mustaqilligining 30 yillik ulug‘ ayyomiga munosib to‘yona bo‘lishini bildirdi.
Ushbu nufuzli turnirda ishtirok etadigan eng yosh sportchimiz, qilichboz Zaynab Dayibekova bu galgi olimpiadada o‘zbekistonlik xotin-qiz sportchilarning yo‘llanmalarni qo‘lga kiritishi uchun alohida e’tibor berilganligini ta’kidlab, yangi O‘zbekistonning yoshlari yangi g‘alabalar bilan qaytishga munosibligini va bu yo‘lda fidoyilik ko‘rsatajagini aytdi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi R.Shoabdurahmonovga O‘zbekiston bayrog‘ini tantanali ravishda topshirdi.
O‘z navbatida, sport delegatsiyasining har bir a’zosi, sportchilarga nufuzli sport musobaqasida har daqiqa, har soniya Vatan ori, mamlakat sha’nu shavkati uchun kamarbasta bo‘lib, olimpiya o‘yinlarining medallari uchun fidokorlik ko‘rsatishga chaqirdi. 34 milliondan oshiq xalqimiz katta hayajon va iftixor bilan har bir olimpiya musobaqasini kuzatib borishini ta’kidladi.
Sportchilarimizni Tokio olimpiadasiga kuzatish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Senati Raisi T.Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov ishtirok etdi.
To‘lqin RO‘ZIEV.