Tojikistonlik kuzatuvchilar Jizzaxda
Jizzax viloyatidagi 522 ta referendum uchastkasida ovoz berish jarayoni davom etmoqda. Viloyatda o‘tayotgan umumxalq referendumi jarayonlarini kuzatish maqsadida bir guruh tojikistonlik xalqaro kuzatuvchilar 4-Jizzax okrugiga tashrif buyurdi.
Biz mamlakatimizda o‘tayotgan siyosiy jarayon – umumxalq referendumining borishi haqidagi ularning fikrlari bilan qiziqdik.
– Men birinchi bor O‘zbekistonga 2021 yilgi Prezident saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida kelganman, – deydi Tojikiston Respublikasidan kelgan kuzatuvchi Viktor Kim. – O‘shandayoq saylov uchastkalarida jarayonlar raqamlashtirilganiga guvoh bo‘lganman. Bu gal esa men referendumini demokratik tarzda o‘tishi va tashkiliy ishlar, jumladan, birgina Jizzax viloyatidagi 13 ta regiondagi 522 ta referendum uchastkasi markazlashtirilgani va har bir regionda turib o‘zlariga qarashli bo‘lgan uchastkalardagi jarayonni onlayn tarzda kuzatib borilayotganidan hayratlandim.
Menga eng manzur bo‘lgani xalqingizni samimiyligi, mehmondo‘stligi va asosiysi ushbu siyosiy jarayonda juda faol qatnashayotgani, yangilangan Konstitutsiyani xalq qalbidan joy olgani uchun ham shunday faollik bor va referendum tom ma’noda umumxalq referendumi ekanini anglatmoqda, deb o‘ylayman.
[gallery-11669]
Men yurtingizda o‘tayotgan bugungi umumxalq referendumidan o‘zimga juda katta tajriba olmoqdaman, juda ko‘p narsalarni o‘rgandim. O‘zbekistonning ushbu siyosiy jarayonni o‘tkazishdagi demokratik tamoyillarga to‘la-to‘kis amal qilinishi nafaqat mamlakatingizda, balki, Markaziy Osiyoda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
– Men O‘zbekistonga bir necha bor kelganman va har gal kelganimda bu mamlakatda juda ulkan iqtisodiy, ijtimoiy, qurilish, qishloq infratuzilmasi va siyosiy yuksalishlar sari bo‘y cho‘zayotganiga guvoh bo‘layapman, – deydi yana bir tojikistonlik xalqaro kuzatuvchi Rustam Haydarov. – Bu o‘sish, bu yuksalish, eng quvonarlisi, O‘rta Osiyo davlatlarining barchasida, jumladan, Tojikistonda ham izchillik bilan borayotganini aytish men uchun juda quvonchlidir.
Biz o‘zimiz borib, guvohi bo‘lgan har bir okrug, har bir referendum uchastkasiga biriktirilgan komissiya a’zolari, nafaqat Jizzax viloyatida, balki O‘zbekistonning biz bo‘lgan boshqa hududlarida ham o‘z vazifalarini juda yaxshi bilishlariga, juda mukammal o‘zlashtirib olganlariga guvoh bo‘ldik va buni alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim.
Endi referendumga oddiy xalq munosabatiga keladigan bo‘lsam, biz bir qancha yurtdoshlaringiz bilan muloqotda bo‘ldik va ular ushbu yangilangan Konstitutsiyangizni haqiqiy xalqchil Qomusimiz deb ta’kidlashdi va referendumda ham shunday faol ishtirok etayotganiga o‘zimiz shohid bo‘ldik.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA