To‘g‘ri ovqatlanish salomatlik omili
Navoiy viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamkorligida Qiziltepa tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy poliklinikada “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” mavzusida seminar o‘tkazildi.
2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” gi Prezident farmoni loyihasiga ko‘ra, “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” umummilliy harakatini yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surilmoqda. Unda aholiga smartfon va mobil ilovalar yordamida o‘z sog‘lig‘i hamda ovqatlanishini nazorat qilishni o‘rgatish, to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha mobil ilova yaratish, bolalarga mo‘ljallangan nosog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar haqida ma’lumotlar berib borish nazarda tutilgan. Shuningdek, bolalar oziq-ovqat mahsulotlari hamda energetiklar, dori vositalari, biologik faol moddalar reklamasiga talablarni kuchaytirish, ta’lim muassasalarida bolalar va yoshlar uchun tavsiya etilmaydigan mahsulotlar, shu jumladan, tarkibida shakar, tuz, transyog‘lar miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, ta’m va rang beruvchi qo‘shimchalar ro‘yxatini tasdiqlash hamda iste’molini kamaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Dasturda mahalliy mahsulotlar turlaridan kelib chiqib, aholining har bir xavf guruhi va kasallik turlari uchun alohida sog‘lom ovqatlanishga qaratilgan tavsiyalar, yoshi, tana tuzilishi, turmush tarzi va kasalliklarga moyilligidan kelib chiqib bolalar, kattalar va keksalar uchun to‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lomlashtirish mashqlari va gigiyena qoidalari to‘plamini ishlab chiqish hamda ish joylarida xodimlarning jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi va sog‘lom ovqatlanishi uchun zarur sharoitlarni yaratish belgilangan.

Qayd etilishicha, mamlakatda 10,7 million aholi sog‘lom turmush tarzini olib bormaydi. Aholining 16,5 foizi tamaki va 4,7 foizi alkogol iste’mol qilishi, 16 foizi meva va sabzavotlarni yetarli miqdorda iste’mol qilmasligi, 36,6 foizi taomga qo‘shimcha tuz qo‘shishi, 32,9 foizida ortiqcha vazn va 23,5 foizida semizlik mavjudligi, 38 foizida yuqori arterial bosim va 8,4 foizi qonida qand miqdorining yuqoriligi, 26 foizining esa jismoniy faolligi sustligi aniqlangan.
Seminar ikki qismdan iborat bo‘lib, dastlab Markaziy poliklinikada “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi xonalarini tashkillashtirish va faoliyatini olib borish” mavzusida amaliy ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Tadbirning ikkinchi qismi tuman hokimligi binosida davom etib, unda soha mutaxassislari mavzu doirasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA