Tog‘-kon sanoati: SHHT davlatlari o‘rtasida tajriba almashinuvi kengaymoqda
Bugungi kunda tog‘-kon sanoatini barqaror rivojlantirish, yer qa’ridan oqilona va samarali foydalanish, mineral-xomashyo bazasini kengaytirish hamda geologik-qidiruv ishlarini jadallashtirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu jarayonda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, investitsiyalarni jalb qilish va sohada ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu nuqtai nazardan, Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) doirasida tog‘-kon sanoati va yer qa’ridan foydalanish sohasida tajriba almashish, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish hamda ilg‘or amaliyotlarni ommalashtirishga qaratilgan tadbirlar muhim o‘rin tutadi.
Yaqinda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi delegatsiyasi Moskva shahrida xizmat safarida bo‘lib, SHHTning “Yer qa’ridan foydalanishning eng yaxshi amaliyotlari” mavzusidagi konferensiyasida ishtirok etdi.
Konferensiyada SHHTga a’zo davlatlar vakillari o‘z mamlakatlarida tog‘-kon sanoatini rivojlantirish, yer qa’ridan samarali foydalanish, mineral resurslarni o‘zlashtirish va sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida taqdimotlar o‘tkazdi. Shuningdek, konlarni birgalikda o‘zlashtirish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha rejalar muhokama qilindi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan mamlakatimizning yer qa’ridan samarali va mas’uliyatli foydalanish sohasidagi yondashuvlari taqdim etildi. Xususan, mineral-xomashyo bazasini kengaytirish, geologik-qidiruv ishlarini jadallashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda sohaga investitsiyalarni jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ishtirokchilarga ma’lumot berildi.
Shu bilan birga, anjuman ishtirokchilari tomonidan sohadagi ilg‘or tajribalarni o‘zaro o‘rganish, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Bu esa SHHT davlatlari o‘rtasida tog‘-kon sanoati sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA