To‘rt bokschimiz yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati yarim finaliga yo‘llanma oldi
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida davom etayotgan boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati yurtimizning yosh charm qo‘lqop ustalari uchun muvaffaqiyatli bo‘lmoqda.
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida davom etayotgan boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati yurtimizning yosh charm qo‘lqop ustalari uchun muvaffaqiyatli bo‘lmoqda.Mamlakatimizda sportni, jumladan, Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan boksni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Mazkur sport turini yoshlar o‘rtasida ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni saralash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasida o‘zbek boks maktabi vakillari turli nufuzli musobaqalar – Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida yuqori natijalarga erishmoqda.
Joriy yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida bokschilarimiz erishgan yutuqlar (3 oltin, 2 kumush, 2 bronza) O‘zbekistonning ulkan sport salohiyatidan dalolatdir.
Dunyoning oltmishdan ziyod davlatidan kuchli bokschilar ishtirokida o‘tayotgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida bokschilarimiz tajriba va mahoratda, kuch va jasoratda hech kimdan kam emasligini isbotlamoqda.
Nufuzli musobaqada terma jamoamizning to‘rt nafar a’zosi chorak final bahslarini o‘z foydasiga hal qilib, g‘oliblik uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.
Iqtidorli bokschimiz Otabek Xolmatov vazni 52 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar bahsida Dominikan Respublikasidan Luis Reynaldo Nunesga hech qanday imkoniyat qoldirmay, yarim finalga chiqdi.
Shunqor Abdurasulov vazni 56 kilogammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi chorak final bellashuvida xitoylik Jianming Sengni mag‘lubiyatga uchratdi.
Bilolbek Mirzarahimov vazni 60 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar bellashuvida rossiyalik raqibi Beslan Hamzayevni dog‘da qoldirib, yarim final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
Shohro‘z Rahimov vazni 91 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi chorak final jangida angliyalik Lyuis Villyamsni mag‘lub etdi.