TMIIda hokim va yoshlar uchrashuvi (+video)
Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, iste’dod va qobiliyatini namoyon etib kelayotgan yoshlarga ko‘maklashishga alohida e’tibor berilmoqda.
Toshkent menejment va iqtisodiyot instituti ham yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgan ilm dargohlaridan biri hisoblanadi.
Institutda turli sohalarda erishgan yutuqlari bilan yurtimiz taraqqiyoti, uning xalqaro obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan, namunali xulqi va odobi hamda vatanparvarlik fazilatlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan talaba-yoshlar talaygina.
“Yoshlar kuni” munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Yakkasaroy tumani hokimi, Oliy sud raisi o‘rinbosarlari hamda tegishli mutasaddi tashkilotlar vakillari tomonidan yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Dastlab institutdagi zamonaviy o‘quv sharoitlari, iqtidorli talabalar tomonidan taqdim etilgan innovatsion startap loyihalari bilan tanishildi. Hokim va yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda yoshlarning muammolariga e’tibor qaratilib, ularning taklif va g‘oyalari tinglandi.
500ga yaqin talaba ishtirokidagi mazkur uchrashuvda ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar, startap va tadbirkorlik loyihalari, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan taklif-tashabbuslar bildirildi. Har bir murojaat atroflicha muhokama qilinib, tegishli mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, mazkur tadbir yoshlarni iqtisodiy sohada qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, jamiyatimiz uchun salohiyatli kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Gulnoza Boboyeva,
Oybek Davronov(video), Anvarxo‘ja Ahmedov(montaj), O‘zA