Tinchlik, totuvlik – oliy saodat
Bizning eng katta kuch-qudratimiz tinchlik va ahillikda.
Darhaqiqat, istiqlol yillarida mamlakatimizdagi ijtimoiy barqaror muhit, tinch va osoyishta hayot, turli millat va elat , diniy konfessiya vakillarining yagona oila farzandlaridek ahillikda istiqomat etishi biz uchun eng oliy saodatdir.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan “Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashda O‘zbekiston tashabbusi!” mavzusidagi ilmiy-nazariy konferensiyada shu haqda so‘z yuritildi.
Gibrid shaklida tashkil etilgan tadbirda Qo‘mita rahbariyati va mutasaddi xodimlari, AQSHning Indiana universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti professor-o‘qituvchilari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutasaddi xodimlari, shuningdek, xorijdagi hamkor tashkilotlar vakillari hamda olimlar ishtirok etdi.
Qo‘mita raisining o‘rinbosari Azamat Toshev va boshqalar mamlakatimizda milliy va diniy konfessiyalar o‘rtasida o‘zaro hamjihat muhitni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga doim ustuvor ahamiyat qaratib kelinganini ta’kidladi.
Ushbu konferensiyani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasida mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash, istiqbolda belgilangan vazifalarni tahlil qilish va shu yo‘nalishda o‘z yechimini kutayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi. Zero, har bir davlatning taraqqiy etishi avvalambor undagi barqarorlik, millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitining saqlanishiga bog‘liq. Bu borada 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining beshinchi yo‘nalishi aynan diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash masalasiga bag‘ishlangani ahamiyatlidir.
Mamlakatimizda 130dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Ularning birligi, birdamligi, hamjihatligi – tinchligimiz, taraqqiyotimiz poydevori. Bu yil ilk marta Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda “Xalqlar do‘stligi” kuni keng nishonlandi. Bayram munosabati bilan mamlakatimiz yetakchisi O‘zbekiston xalqiga tabrik yo‘lladi. Milliy madaniyat markazlari, idora va tashkilotlarning faollarining katta guruhi Vatanimizning yuksak orden va medallari, “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi tasdiqlanib, uning doirasida faol ish olib borilayotgani, yaqinda esa “Vatandoshlar” jamoat fondi tashkil etilgani sohada olib borilayotgan tizimli islohotlarning amaliy natijasidir.
Konferensiyada ekspertlar tomonidan “Yangi O‘zbekistonda millatlararo totuvlik – milliy taraqqiyot poydevori”, “Markaziy Osiyoda hamkorlik muhiti yaratilishining yangi bosqichida O‘zbekistonning muhim tashabbuslari”, “Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashda mahallaning o‘rni”, “Do‘stlik aloqalarini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari”, “Diniy bag‘rikenglikni ta’minlashda O‘zbekiston tashabbusi" kabi mavzularda ma’ruzalar atroflicha muhokama etildi.
N.Usmonova, O‘zA