Tinchlik – eng totli soʻz
Mashhur kinofilmlardan birida “Ozodlik – eng totli soʻz” degan hayqiriq tez-tez takrorlanadi.
Gʻalabaning 75 yilligiga
Mashhur kinofilmlardan birida “Ozodlik – eng totli soʻz” degan hayqiriq tez-tez takrorlanadi. Darhaqiqat, ozodlikdek bebaho tuygʻu yana bormikan? Albatta bor. Bu – tinchlik! Urushsiz kunlarning ruhiy osoyishtaligi, mehnat, bunyodkorlik shukuhi, yaratuvchanlik zavqi... Lekin ana shu saodatni, shu shukuh va zavqni butun qalb bilan his qilish uchun urushni, urush fidoyilarini, urush qurbonlarini hamisha eslash joiz.
Mamlakatimizda har yili may oyining avvalida – Xotira va qadrlash kunida biz tarixda eng qonli, eng koʻp yoʻqotishlarga sabab boʻlgan Ikkinchi jahon urushini odatiy kunlardan koʻproq xotirlaymiz. Bu ham tabiiy holat. Chunki har bir kunning yodlanishga arziydigan oʻz qahramonlari bor. Lekin baribir Ikkinchi jahon urushining alamlari, iztiroblari ulkan. Bu yil fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligini nishonlashga hozirlanar ekanmiz, urush qahramonlari, urush fidoyilari qalbimizga bergan gʻurur, faxr tuygʻulari barobar uning oʻsha oʻchmas alamlarini ham yodlaymiz.
Mening ona tarafdan bobolarim yer-suvli mulkdor kishilar boʻlgani uchun oʻtgan asrning oʻttizinchi yillarida Ukrainaning Xerson viloyatiga surgun qilingan. Urush paytida buvim, togʻalarim fashistlar bosib olgan joylarda qolib ketishgan. Oʻquvchilik paytlarimizda buvimdan (Ular urushdan keyin yurtimizga qaytgan):
– Gapirib bering, axir, fashistlarni oʻz koʻzingiz bilan koʻrgansizku, – deya iltimos qilganimda, u kishi bir necha bor:
– Otiyam, oʻziyam oʻchsin, bilmay qoʻya qolgin! – degan. Urush haqidagi tasavvurlarimiz sovetlarning gʻalabasi bilan tugagan janglarga qurilgani uchun oʻsha qahramonliklarni eshitgim, darslarda gapirib bergim kelarmidi, vaqt oʻtkazib yana soʻrayverardim. Yuqori sinfdaligimda buvim bir safar shunday voqeani koʻzida yosh bilan gapirib bergan edi:
– Kimyo oyi degan qoʻshnimiz boʻlardi, yoshi ulugʻroq boʻlgani uchun hammamiz u yoq, bu yoqdan surgun boʻlib borganlar u kishini “oyi”, deb chaqirar edi. Oyimizning ikki oʻgʻlini bir kechada olib ketishgan, toʻngʻich oʻgʻlidan yodgor nevarasi bilan bu taraflarga surgun qilingan ekan.
– Oʻgʻillarimning taqdiri nima boʻlganini bilmayman. Birovlar otishgan deydi, birovlar sovuq oʻlkalarga yuborilgan deydi. Toʻngʻichimning hayotini, mana bu Murodjonimning onasi ham: “Erim xalq dushmani ekan, undan kechdim”, deb yozib berib jonini asrab qoldi. Mening endi quvonchim ham, yupanchim ham, umidim ham shu – Murodjon, derdi shoʻrlik oyi. Oʻziyam nevarasini yeru koʻkka ishonmasdi. Yemay yedirib, kiymay kiydirardi.
Fashistslar biz yashab turgan qishloqni egallagach, tez-tez aholini maydonga haydab chiqar, kimlarnidir otib, kimlarnidir osishar, biz esa kiprik qoqmay tomoshabin boʻlib turishimiz kerak edi. Fashistlar ularni “Partizanlar” deb atardi. Shunday kunlarning birida Kimyo oyining Murodjoni dorga osilayotgan bechoraga yaqinroq turgan ekanmi, nemislarning malaylari boʻlardi ruscha gapiradigan, ulardan biri bola bechoraning bilagidan ushlab:
– Koʻr, ana, koʻr! Bizga qarshi chiqqanlarning ahvoli nima boʻladi! – debdi... Kimyo oyi nevarasiga “Dod, tegmanglar”, deb yopishgan. Uyga qaytishgandan soʻng bolakay behuzur boʻlaverdi, qayt qildi. Oʻzimizdan doʻxtirlar bor edi, kelib koʻrishib:
– Qoʻrqqan, suv ichirib turing, – deb ketishdi. Bola yarim kechada uzildi. Soʻng bilsak, Murodjonning qoʻrquvdan oʻti yorilib ketgan ekan, zahari ichiga tarqagach...
Buvim Murodjonning vafotidan soʻng oyining esi kirdi-chiqdi boʻlib qolgani, nuqul nevarasining qabri yoniga ketib qolaveradigan odat chiqarganini titrab-titrab gapirib bergan edi. Ha, fashistlar otgan, osgan, bomba, granata, tank tagida halok qilganlari qancha, lekin arslonday oʻgʻillari qatagʻon qilinib, yuragi parchalangan, zulmkorlar tufayli yagona umididan judo boʻlgan Kimyo oyi kabi urush qurbonlari qancha ekan?! Norasida, begunoh Murodjon kabilar-chi? Agar urush boʻlmaganida, oʻsha bolalar koʻzining oʻtini oladigan oʻlim namoyish qilinadigan maydon tomoshasi boʻlmaganda u ham qoʻrquvdan halok boʻlmasdi, bir botir yigit boʻlardi, ehtimol.
Urushning armonlari bitta Kimyo oyi yo uning Murodjoni bilan tugarmidi?!
Onamning dadasi Normat buvamizni oʻz yurtidan badargʻa etilgani yetmaganidek, Ukrainadan Uralga, kon qazishga – ishchi batalyoniga joʻnatishgan. Bu batalyonga Oʻzbekistonning oʻzidan ham minglab erkaklar yuborilgan. Bobomdan:
– Konda ishlayapmiz. Juda sovuq. Uch qavat paytavada ham oyogʻimiz ilimaydi. Qani edi jun paypoq yuborolsalaring... – degan xat kelgan ekan.
Onam otasi haqida gap ketganda, doim shu xatni eslab yigʻlab yuborardi:
– Jun paypoq yuborganmiz. Lekin otam uni kiyib, oyoqlari bir marta boʻlsayam isidimikin? “Xastalanib, qazo qildi” degan xabar olganmiz. Qayerda, qanday holatda dunyodan oʻtdi ekanlar? Toʻrt farzandni dunyoga keltirgan insonning soʻnggi damda ogʻziga bir qultum suv tutadigan banda boʻldimikan? Yo tosh, tuproq tagida koʻzlari ochiq qolib ketdilarmikin?!... Onamning zorlanishlari hanuz qulogʻim ostida aks sado beradi.
Ishchi batalyonning qurboni ham bitta mening bobom emasdir... Urush boʻlmaganida, oʻsha konlarning boyligi tezkor ravishda gʻalaba uchun kerak boʻlmaganida onam, togʻalarim oʻz otalarining sovuq diydori tugul, hoki koʻmilgan bir hovuch tuproqqa ham zor boʻlib oʻtirisharmidi?! “Bosh urib yigʻlay desam, mozori yoʻq”, degan alamli qoʻshiqlar mana shunday qurbonliklardan qolgan emasmi?
Qishlogʻimizda Jumamurod degan kishi boʻlardi, hamma uni Jumot choʻloq, deb atardi. Chunki bir oyogʻini oldinga tashlab, qoʻli bilan tayanib yurardi. Bola-chaqasi yoʻq, hech kim bilan bordi-keldi qilmas, salomga ham hushi kelsa, alik olardi, xolos. Bolaligimizda undan hayiqar edik. Keyin katta boʻlganimda bilsam, urushda dushmanga asir tushgan ekan. It azobini tortib, gʻalabadan soʻng yurtga qaytgach:
– Sen asir tushgansan, sotqinsan, – deb yana qamashgan ekan.
– Konslagerda nemislar boshlagan ishni sovetlar oxiriga yetkazib qoʻyishgan. Xullas, toʻrt muchasi sogʻ ketib, mana shunaqa majruh boʻlib qolgan. Hech kimga ishonmaydi, hech kimni yaxshi koʻrmaydi, – degan edi menga tengdosh qarindoshlaridan biri Jumamurod amaki haqida soʻraganimda. Jumamurod amaki singari bir umr ham ruhan, ham jismonan mayib boʻlib yashagan asirlar ham oz boʻlmasa kerak. Biz haqli ravishda oʻsha dunyoga hokimlik daʼvosi bilan chiqib, sharmandalarcha yengilgan fashizm ustidan qozonilgan gʻalaba egalari – muzaffar askarlarni hurmat bilan yod etganimizda urushning barcha jabrdiydalari, barcha armon odamlarini ham hech yoʻq bir kun xotirlab qoʻysak adolatdan boʻladi, deb oʻylayman. Hech boʻlmasa oʻsha alamlar, oʻsha armonlar qarshisida bugunimizni chuqurroq his qilish uchun ham, bu xotiralar kerakday... Tinch otayotgan ham bir tongni moʻjizaday qarshi olish, uning kunduzlarini mehnat, bilim bilan yaxshiliklarga aylantirishga kirishish, shunga ruhan intilish uchun ham urush bilan bogʻliq barcha iztiroblarni eslash joizday...
Men esga olganlar endi yoʻq. Ularning baʼzlarining avlodlari ham yoʻq, oʻzlari bilan birga avlodlar zanjiri ham oʻsha sanada sinib, parchalangan. Demak, ularga endi hech narsa kerak emas. Bizga esa xotirlash, ulara ikki kalima duo oʻqib qoʻyish oʻzimizni ruhan yuksaltirish, yuksaltirib mukammallikka intilish uchun kerakday...