Tinch va osuda yurtga bayramlar yarashadi
Yurtimizda bahor nafasi, yangilanish, yasharish fasli har bir xonadonga, har bir inson qalbiga kirib bormoqda. Hech bir yurtda bizdagi kabi fasllar almashinuvini kuzatmaysiz. Shuning uchun ham O‘zbekistonni jannatga qiyoslaymiz. Bunda aynan inkor qilib bo‘lmas haqiqat bor, albatta.
Bu yilgi Ramazon hayiti bayram sifatida o‘zgacha nishonlanmoqda. Sababi ayollarni ulug‘lash 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami hamda Navro‘z bayrami bilan uyg‘unlashib ketdi deya olamiz. Prezidentimizning 2024-yil 7-martdagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida” gi qarori xalqimiz qalbini quvonch va g‘ururga to‘ldirdi. Xalqimiz ezgulik va shukronalik oyi bo‘lgan Ramazonni munosib kutib oldi va yuqori saviyada diniy-ma’rifiy, madaniy qadriyatlarni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida milliy an’ana va qadriyatlarga mos holda o‘tkazishga erishdi, deyish mumkin.
Bu oyda ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor kishilarni qo‘llab-quvvatlash, oila va mahallalarda mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, muqaddas ziyoratgohlar va qabristonlarni obodonlashtirishga qaratilgan tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Yana muhim bir jihat ibodatlarning to‘la-to‘kis ado etilishi bo‘ldi. Yurtimizdagi ikki mingdan ziyod masjidlarning bir ming olti yuztasida taroveh namozlari o‘qildi. Bu tadbirlarni xotirjam, emin-erkin o‘tishi uchun davlatimiz rahbari va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan barcha sharoitlar yaratib berildi. Jumladan, aholi osoyishtaligini saqlash maqsadida ichki ishlar, milliy gvardiya, yong‘in xavfsizligi, tibbiyot xodimlari hamda mahalla oqsoqoli, yoshlar yetakchilari doim nazoratda bo‘ldi.
Ramazon oyi sharofati bilan do‘stlik, birodarlik, mehr va saxovat tuyg‘ulari kuchaydi. Xalqimizning mehr, oqibat qadriyatlari ifodasi sifatida bemorlar, keksalar, yordamga muhtoj insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga bo‘lgan sa’y-harakatlari yanada ko‘paydi. Joriy yil 25-mart kuni Namangan viloyatida mamlakat rahbari ishtirokida ilk marotaba butun respublikamiz bo‘ylab iftorlik o‘tkazilgani esa barcha yurtdoshlarimiz tomonidan katta ehtirom bilan qarshi olindi. Bugun dunyoning bir qancha mintaqalarida notinchlik, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar sodir bo‘lmoqda. Mana shunday pallada biz Allohdan dunyoda tinchlik va osoyishtalik qaror topishini, go‘zal diyorimizdagi tinch-osuda hayot bardavom bo‘lishini chin dildan so‘rab ixlos bilan duolar qilmog‘imiz lozim. Barchamiz nafaqat ibodatda balki kam ta’minlangan, bemor, boquvchisi yo‘q insonlar holidan xabar olishga, ularga moddiy ko‘mak berishga doim sobit bo‘lmog‘imiz darkor.
Ayni damlarda yurtimizning ko‘plab fuqarolari muborak Umra amallarini bajarib, Ramazon hayiti namozlarini ado etishdi. Muqaddas Ka’ba ziyoratiga muyassar bo‘lishdi. Yurtimiz ravnaqi, kelajagi uchun duolar qilishdi. Bunda ham buyuk bir hikmat borki, u ham bo‘lsa, insonlar salomatligi, yurt ravnaqi, millatlararo do‘stlik va totuvlikda hayot kechirishdan iboratdir.
Fursatdan foydalanib barcha yurtdoshlarimizni muborak Ramazon hayiti bayrami bilan chin dildan qutlayman. Yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha din ahillarini, jumladan, mo‘minlarni Alloh o‘z fazli ila siylashini so‘rayman. Vatanimizning tinch-osoyishta bo‘lishiga tun-kun o‘z hissasini qo‘shib, bosh bo‘lib kelayotgan Yurtboshimiz va barcha mas’ul kishilarga doimiy omonlik tilayman. Yaratgan jonajon Vatanimizni turli ofat va fitnalardan o‘z panohida asrasin. Bayramlar barchamizga muborak bo‘lsin.
Akmal qori Abdullayev,
Toshkent shahri Sergeli tumani
“Ittifoq” jome masjidi imom xatibi.