Tinch, sog‘lom va barqaror oila – jamiyatning mustahkam poydevori
Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqiy, psixologik himoyasini kuchaytirish, oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish va jamiyatda ayolga nisbatan hurmat muhitini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Mazkur jarayonda nafaqat davlat tashkilotlari, balki fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlar ham faol ishtirok etmoqda.
Andijon viloyatidagi «Hamroh» nodavlat notijorat tashkiloti hamda Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi viloyat bo‘limi hamkorligida Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilgan «Ayollar erkinligi va xavfsizligi sari qadam» loyihasi ana shu yo‘nalishdagi amaliy ishlardan biri bo‘ldi.
Mazkur loyiha doirasida Andijon shahri, Oltinko‘l va Marhamat tumanlarida yashovchi xotin-qizlarning huquqiy, psixologik va ijtimoiy savodxonligini oshirish, tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, ularga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan ayollarga amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Andijon shahri, Oltinko‘l va Marhamat tumanlari mahallalarda turli muammolarga duch kelgan va nizoli oilalarda yashovchi ayollar uchun oila tinchligi va xavfsizligi, ayolga hurmat, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish hamda zo‘ravonlikning oldini olishga bag‘ishlangan qator seminar, muloqot va ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkazildi. Ana shu tadbirlarda 600 nafardan ziyod xotin-qiz ishtirok etdi.


Andijon davlat universiteti, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti hamda Andijon davlat chet tillar institutlarida tahsil olayotgan 300 nafarga yaqin talaba qizlar ishtirokida shaxsiy xavfsizlik, ularning huquqiy hamda zarur vaziyatlarda huquqiy himoya vositalaridan foydalanishga oid bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida infosessiyalar, davra suhbatlari o‘tkazildi.
Tadbirlarda xotin-qizlarning ruhiy barqarorligini, o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, muammoli holatlarda eng to‘g‘ri yo‘lni tanlash, ruhiy stressdan qutulish yuzasidan maslahatlar, amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga oid qonunchilik hujjatlari, himoya orderi, “1146” ishonch telefoni va boshqa yordam xizmatlaridan foydalanish mexanizmlari tushuntirildi.
- O‘tkazilgan tadbir, seminar-treninglarning sifati va samaradorligi yuqori bo‘lishi uchun viloyatdagi tajribali huquqshunoslar, katta hayotiy tajribaga ega xotin-qizlar faollari, malakali psixolog va mutaxassislar jalb etildi, - deydi «Hamroh» nodavlat notijorat tashkiloti rahbari Gulnoradan Yuldasheva. - Natijada loyihaga qamrab olingan ayollarga huquqiy savodxonlikni oshirish, zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoyalanish, yordam xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha zarur bilim va tushunchalar berildi. Og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan ayollarga esa zarur yordamlar ko‘rsatildi.


Umuman, loyiha davomida o‘tkazilgan tadbirlar orqali ayolning jamiyatda munosib o‘rin topishi, oilada o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlash g‘oyalari keng targ‘ib qilindi. Eng muhimi, jamoatchilikning oiladagi zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabati mustahkamlandi, xotin-qizlarning vakolatli idoralar va yordam markazlariga ishonchi oshdi.
Zero, ayol o‘zini xavfsiz, qadrli va himoyalangan his qilgan oilada tinchlik qaror topadi. Tinch, sog‘lom va barqaror oila esa jamiyatning mustahkam poydevoridir.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri