Tilla buyumlarning noqonuniy kirishi to‘xtatildi
Bugungi globallashuv sharoitida, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-sotiq va yo‘lovchilar harakati tobora kengayib borayotgan bir paytda davlat chegaralari xavfsizligini ta’minlash, iqtisodiy manfaatlarni himoya qilish hamda noqonuniy tovar aylanmasiga qarshi kurashish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, qimmatbaho buyumlar, valyuta va strategik ahamiyatga ega mahsulotlarning yashirin ravishda olib kirilishi yoki chiqarilishiga qarshi qat’iy nazorat o‘rnatish mamlakat iqtisodiy xavfsizligining muhim qismi sanaladi.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Buxoro aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan ana shunday huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida qimmatbaho zargarlik buyumlarini noqonuniy ravishda mamlakat hududiga olib kirishga bo‘lgan navbatdagi urinish o‘z vaqtida fosh etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, “Vnukovo – Buxoro” yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilgan aviareys orqali mamlakatimizga kirib kelgan yo‘lovchilardan biri bojxona qoidalarini chetlab o‘tishga uringan. U bojxona deklaratsiyasida qayd etilmagan va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovi vaqtida ham ma’lum qilinmagan 24 dona tilla taqinchoqni olib o‘tmoqchi bo‘lgan.
Bojxona nazorati jarayonida aniqlangan mazkur zargarlik buyumlarining umumiy og‘irligi 41,51 gramm bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ularning qiymati qariyb 50 million so‘m deb baholanmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday holatlar davlat byudjetiga tushishi lozim bo‘lgan bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlash, tovarlarni yashirincha olib kirish va iqtisodiy qonunchilik talablarini buzishga qaratilgan harakatlar sifatida baholanadi. Shu bois bojxona organlari tomonidan mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ta’kidlash joizki, amaldagi tartibga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasiga havo transporti orqali kirib kelayotgan jismoniy shaxslar uchun tovarlarni bojsiz olib kirish me’yori 1000 AQSH dollari etib belgilangan. Ushbu me’yordan ortiq bo‘lgan tovarlar esa qonunchilikda belgilangan tartibda majburiy ravishda bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilishi lozim.
Buxoro aeroportida fosh etilgan mazkur holat bojxona organlari xodimlarining yuksak kasbiy mahorati, hushyorligi va mas’uliyati samarasidir. Zero, har bir aniqlangan qonunbuzarlik mamlakat iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, halol tadbirkorlik muhitini ta’minlash va qonuniylik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri