Tilanchilik o‘smirlar uchun kasbga aylanmayaptimi? Nazorat qayerda?
Yaqinda "Korzinka" savdo majmuasidan chiqayotganimda bir o‘smir bola yonimga kelib, pul so‘radi. Shoshayotganim uchun unga ishlashni, mehnat qilib pul topishni tavsiya qildim. Javobi esa o‘ylantirib qo‘ydi: “A, MEN NIMA QILYAPMAN, HOZIR?!”
Boshimga birov gurzi bilan urgandek haligi bolaga hayratlanib, nima maqsadda kelganim yodimdan ko‘tarildi. «ISHLAYAPMAN-KU!» demoqchi bo‘lyapti-da bola, to‘g‘ri tushundimmi?
Mazkur holatni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Gulsanam ko‘chasida joylashgan “Korzinka” savdo majmuasi atrofida tez-tez kuzataman…
Bola qo‘lidagi salfetkalarni sotishni nazarda tutdimi yoki tilanchilikni ish deb biladimi, deya to‘xtab, bir necha soniya unga nazar soldim, qo‘lida sotish uchun salfetka ham yo‘q. Bola tilanchilik qilayotgandi.
Bu holat bir qator savollarni yuzaga chiqaradi.
Nega ayrim o‘smirlar odamlar gavjum joylarda xaridorlarga yopishib, salfetkalarni belgilangan narxidan ancha qimmatga sotishga urinadi yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul so‘rayapti?
Ularning ota-onalari qayerda?
Bolalarning ta’limi, tarbiyasi va xavfsizligi uchun mas’ul tashkilotlar bundan xabardormi?
Qonunchilikda bolalarni tilanchilikka jalb qilganlik uchun ma’muriy, ayrim hollarda esa jinoiy javobgarlik ham belgilangan.
Xususan, bunday qilmish uchun avval ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yana takror sodir etilsa, Jinoyat kodeksining 127 prim 1 moddasi bo‘yicha jinoiy javobgarlik masalasi yuzaga kelishi mumkin.
Shuningdek, «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida» gi qonun bolalarni iqtisodiy ekspluatatsiyadan himoya qilish masalasini ham dolzarb qiladi. Bolani ko‘chada tilanchilik qilishga majburlash yoki uning mehnatidan suiiste’mol qilish bola huquqlarining jiddiy buzilishi hisoblanadi.
Biroq, gap tilanchilik qilayotgan bolalarni jazolash haqida emas. Asosiy masala — ularning ko‘chada nima sababdan yurganini aniqlash, ta’lim olishi kerak bo‘lgan yoshda nega pul so‘rayotganiga e’tibor qaratish, iqtisodiy ekspluatatsiyaning oldini olish va ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashishdir.
Buning uchun mahalla, ijtimoiy himoya organlari, ichki ishlar idoralari va boshqa mas’ul tashkilotlar hamkorlik zanjiri asosida ishlashi kerak. Bola muammosi ko‘zga tashlangandan keyingina emas, u muammoga duch kelishidan oldin ham nazorat va e’tiborda bo‘lishi lozim
Afsuski, ko‘p holatlarda muammolar OAV ko‘targanidan keyingina e’tibor qaratiladi.
Misol uchun, bugun biz ko‘tarayotgan muammo bo‘yicha nega mas’ul tashkilotlar o‘z vaqtida aniqlash uchun muntazam kuzatuv va hamkorlik tizimini yo‘lga qo‘ymagan?
“Korzinka” va boshqa yirik savdo majmualari, bozorlar hamda odam gavjum hududlarda vaziyatni o‘rganish, bolalar bilan ishlash va ularning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tizimli nazorat qachon olib boriladi?
Zero, bolaning ko‘chada pul so‘rashi shunchaki bir martalik manzara emas, balki ortida oilaviy, ijtimoiy yoki tarbiyaviy muammo turganidan darak berishi ham mumkin.
Bolalar muammosini faqat tanqiddan keyin emas, muammo yuzaga kelishidan oldin ko‘ra oladigan tizim qachon ishlaydi?
Mohichehra Eshmirzayeva, O‘zA