Til millatning ma’naviy o‘zligini ifodalaydi
Har bir millat, har bir xalq o‘zining muqaddas hisoblangan tiliga ega. Til xalqning, millatning tarixi va madaniyatini o‘zida mujassam etadi. Ayni vaqtda u jamiyatni rivojlantirish omili, millatning ajralmas xususiyati va davlatning suverenligini ko‘rsatuvchi belgilardan biridir.
O‘z ona tiliga ega bo‘lish va uning rivojlanishi millatning ma’naviy o‘zligini ifodalaydi. 1989 yil 21 oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Bu uning mustaqil davlatimiz Bayrog‘i, Gerbi, Madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramzi ekaniga ishoradir.
Istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. O‘zbek tilining xalqaro miqyosda nufuzi oshib, faol muloqot vositasiga aylanib bormoqda. Turli darajadagi rasmiy uchrashuv va muzokaralarda o‘zbek tili keng qo‘llanilayotgani, xorijdagi qator ta’lim dargohlarida, ilmiy muassasalarda o‘zbek tili markazlari tashkil etilib, ularda o‘zbek tilini o‘rganishga qiziquvchilar ko‘payib borayotgani buning yaqqol dalilidir.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi. Olimlar va mutaxassislar tomonidan ilm-fan va turli sohalarga oid ensiklopediya va lug‘atlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalari chop etildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan bayram tabrigini eshitib qalbim g‘ururga to‘ldi.
–So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlarimiz ham yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan xabardorsiz. Buning tasdig‘ini o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin, – dedi Prezidentimiz. – Ana shunday sa’y-harakatlarimiz natijasida ona tilimiz nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham o‘zining munosib o‘rni va mavqeiga ega bo‘lib bormoqda. Ayniqsa, ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi. Vazirlar Mahkamasi tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi samarali faoliyat ko‘rsatib, g‘oyat muhim bu sohadagi ishlarni muvofiqlashtirib kelmoqda.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tarkibida amaliy filologiya va kompyuter lingvistikasi bo‘yicha yangi yo‘nalishlar ochilib, o‘zbek tilini turli sohalarda qo‘llashga oid tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Oliygoh qoshida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi, 6 ta maxsus o‘quv kursi hamda Alisher Navoiy xalqaro jamg‘armasi tashkil etilgani ham ayni shu maqsadlarga qaratilgani bilan diqqatga sazovordir.
Prezidentimiz tabrigida ana shu ishlarning uzviy davomi sifatida yaqin kelgusida asosiy vazifasi chet ellarda o‘zbek tili, madaniyati va milliy an’analarimizni keng ommalashtirish, gumanitar aloqalarni mustahkamlashdan iborat bo‘lgan Alisher Navoiy xalqaro instituti faoliyati yo‘lga qo‘yilishini ta’kidladi. Bu o‘zbek tilini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi, albatta.
O‘tgan qisqa davrda o‘zbek tilini chuqur o‘rganish va o‘rgatishga xizmat qiladigan 16 ta kitob, jumladan, 9 ta lug‘at nashr qilingani, 5 jilddan iborat “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” fundamental tadqiqoti vazirlik va idoralar, ta’lim-tarbiya maskanlariga, mamlakatimizning chet eldagi diplomatik vakolatxona va konsullik muassasalariga yetkazilgani, chet el fuqarolari va yurtdoshlarimizga o‘zbek tilini o‘rgatadigan onlayn platforma, o‘zbek tili izohli lug‘atining mobil ilovasi, xorijdagi vatandoshlar uchun maxsus veb-sayt yaratilgani kishiga o‘zgacha g‘urur va faxr bag‘ishlaydi.
Alisher Navoiy bobomiz har bir so‘z, ya’ni uning ma’nosini inson ko‘nglidagi xazinaning ochguvchisidir, deya ta’kidlagan. Navoiy bobomiz ma’noni so‘zning joni deb bilgan. So‘z qudratini o‘zining betakror zamon va makon chegarasini bilmaydigan boqiy asarlarida ifodalab bergan bobomiz o‘zbek xalqi ma’naviy dunyosining shakllanishida g‘oyat kuchli va samarali ta’sir ko‘rsata olgan ulug‘ zotdir. Biz ana shunday ulug‘ zotlarning davomchisi sifatida tilimizda uchrab turgan xato va kamchiliklarni to‘g‘irlash uchun birlashmog‘imiz darkor va bu bizning burchimizdir. Zero, Yangi O‘zbekistonda o‘zbek tili milliy o‘zlik va buyuk qadriyat sifatida ravnaq topishi zarur.
Dilorom G‘afforova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyat bo‘limi Shofirkon tuman bo‘linmasi rahbari