Til bayrami keng nishonlanmoqda
Yurtimiz bo‘ylab "O‘zbek tili bayrami kuni" munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlarda ona tilimiz millatimiz boyligi, milliy o‘zligimiz va qadriyatlarimizning muhim ifodasi ekanligi alohida urg‘ulanmoqda.
Bojxona institutida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda ham ona tilimizni asrab-avaylash va kelajak avlodga boy ma’naviy meros sifatida yetkazish muhimligi alohida ta’kidlandi.
“Davlat tili – millat ruhi va g‘ururi” mavzusida tashkil qilingan tadbirda Bojxona qo‘mitasi vakillari, soha faxriylari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, shoirlar va aktyorlar, shuningdek, institut professor-o‘qituvchilari va kursantlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ona tilimizning boyligi, keng imkoniyatlari, millatimizning ma’naviy merosi ekanligini alohida e’tirof etdilar. O‘zbek tili milliy o‘zligimiz va millatimiz barhayotligining timsoli sifatida asrlar osha sayqallanib, yanada boyitib kelinmoqda. Ona tilimizni asrab-avaylash, boyitish, sofligini saqlash bugungi avlodning, har birimizning vazifa va burchimiz ekanligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida Bojxona qo‘mitasi tomonidan “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans sari!” shiori ostida tashkil etilgan she’riyat va insholar tanlovi g‘oliblari tantanali ravishda taqdirlandi.

Shuningdek, tadbirning badiiy qismida Bojxona institutining Ashula va raqs ansambli xonandalari hamda kursantlari tomonidan ma’rifatparvar adiblarning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
M.Komilova, O‘zA