Tibbiyotdagi islohotlarning bosh maqsadi – xalq roziligini ta’minlash
Inson hayoti va salomatligini asrash, umr sifatini yaxshilash ko‘p jihatdan tibbiyot tizimining samaradorligiga bog‘liq. Bunda zamonaviy tibbiyot muassasalari va ilg‘or texnologiyalar bilan bir qatorda, yuqori malakali mutaxassislar, sifatli tibbiy xizmat hamda har bir bemorga individual yondashuv ko‘rsatilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, kasalliklarning oldini olish va ularni erta bosqichda aniqlash, aholiga yuqori sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlari tubdan kengaydi. Shu bilan birga, soha xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan tizimli islohotlar izchil davom ettirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 27-oktabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan o‘tkazgan uchrashuvi bu boradagi muhim qadam bo‘ldi. Muloqot davomida tibbiy xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqish, kadrlar salohiyatini mustahkamlash va aholi salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha sohani rivojlantirishning ustuvor vazifalari belgilab berildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan “Salomatlik” ordeni bilan taqdirlangan Andijon shahridagi 6-oilaviy poliklinika bosh shifokori Shohida Nasriddinova yurtimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

– Bugungi kunda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlardan ko‘zlangan bosh maqsad, xalqimizni rozi qilishdir, – deydi Shohida Nasriddinova. – Sohadagi eng muhim yangiliklardan biri sifatida tibbiy sug‘urta tizimi doirasida reimbursatsiya mexanizmi joriy etilganini alohida ta’kidlash lozim. Bu tizim orqali fuqarolar tegishli tartibda shartnoma tuzilgan dorixonalardan zarur dori vositalarini bepul olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Eng muhimi, mazkur jarayonda to‘liq shaffoflik ta’minlanmoqda.
Shuningdek, imtiyozli yo‘llanmalar berish tartibi tubdan takomillashtirilib, oilaviy poliklinika shifokorlarining roli va mas’uliyati yanada oshirildi. Natijada bemorlarni ixtisoslashtirilgan davlat tibbiyot markazlariga yo‘naltirish jarayoni butunlay ochiq va adolatli tashkil etilmoqda.
Ilgari bemorlar imtiyozli davolanish uchun yo‘llanma olish maqsadida oylab, hatto yillab navbat kutishga majbur bo‘lardi. Faoliyatimiz davomida bunday paysalga solishlarning naqadar og‘ir oqibatlarga olib kelishini ko‘p kuzatganmiz. Hatto yaqinini davolatish uchun order kutib, vaqt boy berilgani sababli undan ajralib qolgan insonlar bo‘lgan. Bunday achchiq qismatlar va voqealar hamon xotiramdan o‘chmaydi.
Bugun tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining kengayishi va yo‘llanmalar berish jarayonining shaffofligi aholi uchun muhim ahamiyatga ega. Mehnatimizning davlat mukofoti bilan e’tirof etilishi esa bizga bildirilgan katta ishonch va yuksak mas’uliyatdir. Bu e’tirof kelgusida ham xalq salomatligi yo‘lida yanada fidoyilik bilan xizmat qilishga undaydi.
–Bugungi kunda tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining kengayishi hamda yo‘llanmalar berish jarayonining to‘liq shaffoflashtirilgani aholi farovonligi yo‘lidagi eng muhim qadamlardandir, – dedi Shohida Shohida Nasriddinova. – Kamtarona mehnatimizning yuksak davlat mukofoti bilan e’tirof etilishi esa nafaqat menga, balki butun jamoamizga bildirilgan ulkan ishonch va yuksak mas’uliyatdir. Ushbu e’tirof bizni kelgusida ham xalqimiz salomatligi yo‘lida yanada fidoyilik va sadoqat bilan xizmat qilishga undaydi.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
Iskandar ISMATOV (video),
O‘zA