Tibbiyot xabarlari
Bugun Toshkent shahridagi muhtasham «Xalqlar do‘stligi» san’at saroyida 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni hamda Toshkent davlat tibbiyot universitetining birinchi bosqichiga qabul qilingan talablarni tantanali ravishda talabalikka bag‘ishlash marosimi o‘tkaziladi. Bayram tadbirida soha fidoyilari, professor-o‘qituvchilar va universitetning yangi talabalari jam bo‘lib, yoshlar uchun unutilmas lahzalar hadya etiladi.
***
«Vohidov o‘qishlari – 2026» XXX respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi yuqori saviyada tashkil etildi.
Xiva shahrida o‘tkazilgan mazkur anjumanda Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari, mamlakatimiz hamda qator xorijiy davlatlarning yetakchi jarrohlari, taniqli olimlar, xalqaro ekspertlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi. Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda xalqaro Gustave Roussy International O‘zbekiston tibbiyot markazi vakillari ham mazkur tadbirda faol qatnashdi.
Anjuman doirasida markaz yetakchi mutaxassislari tomonidan tibbiyotning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan bir qator muhim ma’ruzalar taqdim etildi. Xususan, tibbiyot fanlari doktori (DSc) S.Xudayarovning «Laparoskopik gastrektomiya: operatsiyadan keyingi tezlashtirilgan tiklanish (ERAS) sari yo‘l», professor Askar Adilxodjayevning «Laparoskopik total gastrektomiyada chiziqli ezofagoeyunoanastomoz texnikasi va xavfsizligi» hamda tibbiyot fanlari doktori (DSc) Oqiljon Rahimovning «Minimal invaziv aralashuvlardan foydalangan holda kolorektal saratonni kombinatsiyalangan davolash natijalari» mavzusidagi chiqishlari qatnashichilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Taqdim etilgan ma’ruzalar oshqozon va kolorektal saraton xastaliklarini jarrohlik yo‘li bilan davolashda zamonaviy minimal invaziv texnologiyalarni qo‘llash, amaliyotlar xavfsizligini ta’minlash hamda bemorlarning operatsiyadan keyingi davrda tez va asoratsiz tiklanishini yaxshilash kabi muhim jihatlarga qaratildi.
***
Samarqand shahrida tibbiyot sohasida ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etishga bag‘ishlangan robotik onkojarrohlikka oid xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, shuningdek, xalqaro Gustave Roussy International O‘zbekiston tibbiyot markazining Koloproktologiya bo‘limi shifokor-onkokoloproktologi, tibbiyot fanlari nomzodi Saidrahim Luqmonov ma’ruza qildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur xalqaro tadbir zamonaviy robotik jarrohlik texnologiyalarini chuqur o‘rganish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘zaro almashish hamda onkojarrohlik amaliyotiga ilg‘or yondashuvlarni keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
***
Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi xorijiy tillarni mukammal biladigan tashabbuskor shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlarini samarali hamkorlik hamda doimiy ishga taklif etmoqda.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda viloyat tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan xorijiy tillarni o‘zlashtirgan mutaxassislar Rossiya, Janubiy Koreya, Fransiya, Xitoy, Ozarbayjon, Turkiya, Yaponiya, Germaniya va Birlashgan Arab Amirliklarining nufuzli klinikalarida malaka oshirib, xalqaro tajribani amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq etayotir. Muhimi, xorijda malaka oshirish hamda o‘qitish bilan bog‘liq barcha xarajatlar davlat tomonidan to‘liq qoplab beriladi.
Shuningdek, ushbu ilg‘or mutaxassislar kelgusida viloyat markazida yangidan tashkil etilayotgan zamonaviy Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida o‘z faoliyatlarini davom ettiradi.
***
21 yoshli ayolda peshona sohasida rivojlangan o‘sma suyak to‘qimasini zararlab, peshona suyagida katta nuqson hosil qilgan.
Milliy tibbiyot markazi mutaxassislari tomonidan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, zararlagan suyak qismi olib tashlanib, hosil bo‘lgan nuqson bemorning anatomik tuzilishiga mos ravishda tayyorlangan 3D implant yordamida rekonstruksiya qilindi.
Zamonaviy 3D texnologiya yordamida peshonaning tabiiy shakli va yuz konturini imkon qadar tiklashga erishildi.
***
Denov tumanida bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish maqsadida bolalar bo‘limi kapital ta’mirlanib, zamonaviy va qulay sharoitlar yaratildi.
Yangi binoda qo‘shimcha 100 o‘rinli davolash bo‘limi tashkil etildi, zamonaviy tibbiy jihoz va uskunalar bilan ta’minlandi. Bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga 25 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Yaratilgan sharoitlar, avvalo, bolalarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, ular uchun qulay davolanish muhitini ta’minlashga xizmat qiladi.
M.Qosimova tayyorladi, O‘zA